2017 yil 22 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha  2017-2019 yillar uchun Bosh kelishuv imzolandi.

Bosh kelishuv:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan – Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Narbayeva;

xodimlar tashkilotlari nomidan – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov;

respublika ish beruvchilar birlashmalari nomidan – O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxovlar tomonidan imzolandi.

Bosh kelishuvda jamoa shartnomalariga ayollar va yoshlar uchun qo‘shimcha kafolatlarni, shu jumladan:

homiladorlik va tug‘ish ta'tillari kunini uzaytirish;

bolali ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish va qisqartirilgan ish vaqtini o‘rnatish;

kasb-hunar ta'limi muassasalarining bitiruvchilariga  mehnat munosabatlari sohasida qo‘shimcha imtiyozlar o‘rnatish;

uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar xarid qilish, uy-joy qurilishi, shuningdek safarbarlik chaqiruvi zaxirasida xizmatni o‘tashga haq to‘lash uchun yosh xodimlarga foizsiz ssudalar berish imtiyozlarini kiritish tavsiya etildi.

Bosh kelishuv bilan ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish choralari va bu boradagi ayrim qoidalar belgilab qo‘yildi.

Jumladan, dolzarb ijtimoiy iqtisodiy masalalarni muhokama qilish uchun har yili kasaba uyushmalari faollari va ish beruvchilarning Hukumat, vazirliklar, idoralar vakillari bilan davra suhbatlarini tashkil etib borish, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini jamoa shartnomalari asosida tartibga solish amaliyotini kengaytirishga yordam berish, tashkilotlarda xodimlar  vakillarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashish rejalashtirilmoqda.

Yagona muzokara jarayonini tadbiq qilish maqsadida tegishli kasaba uyushmalari va ish beruvchilar (ularning birlashmalari) o‘rtasidagi tarmoq (tarif) kelishuvlarini - tegishli yilning yanvar oyidan, korxona, tashkilot, muassasalarda jamoa shartnomalarini esa – mart oyidan kechiktirmay tuzish tavsiya etildi.

Bosh kelishuvning barcha bo‘limlarida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga, uning konvensiya va tavsiyalarini amaliyotga tadbiq etishga e'tibor qaratilgan.