Oltinchi bor Jahon chempionati saralash uchrashuvlari siklida qatnashayotgan milliy terma jamoamiz oltinchi bor ushbu nufuzli turnirga chiqishdan mosuvo bo‘lishga yaqin turibdi. Atigi bir kungina avval hammasi boshqacha edi-ya...

Ammo kecha O‘zbekiston terma jamoasi Suriyaga mag‘lub bo‘ldi. Millionlab futbol muxlislarining esa fig‘oni falakda. Bu muvaffaqiyatsizlikda kim yoki nima aybdor? Kim aybdor bo‘lsa jazolanishi, nimadir sababchi bo‘lsa — o‘zgartirilishini istashmoqda.

KeChAGI O‘YIN

O‘yindan keyingi statistikalarga ko‘ra, vatanida 5 yildan buyon qirg‘inbarot urush to‘xtamayotgan suriyalik futbolchilar barcha jabhalarda — to‘pga egalik qilish, aniq pas oshirish, hujum chizig‘iga to‘p oshirish, darvoza tomon aniq zarba berish — futbolchilarimizdan sezilarli ustunlik qilgan va ular albatta g‘alabaga haqli ravishda erishdilar. Hakamga osilaylik, desak, hakam ham o‘yinni yomon boshqarmadi. Ana shunday holatda, aytilajak bahonalarning keyingilari bo‘y ko‘rsata boshladi va u murabbiy og‘zidan yangradi: noqulay ob-havo va maydonning nochor holati. Faqat, suriyaliklar ham xuddi shu maydon va osmon ostida to‘p surganini unutib qo‘ydi, shekilli, janob Babayan. 

Lekin maydondan tashqaridagi harakatlari ham ko‘ngildagidek bo‘lmagan ko‘rinadi. Umuman, o‘yinga tayyorgarlik qanday olib borilishi, uning to‘liq ikir-chikirlaridan shaxsan o‘zim bexabarman. Lekin uzoq davlatda, ekvator zonasida o‘ynaladigan o‘yinga tayyorgarlik qanday olib borilgan bo‘lishi mumkin? Iqlimga, soatga moslashish uchun mutaxassislarning maslahati olindimi, shu yo‘lda izlanish olib borildimi? 

Hamkasbim J.Bobojonov bir hafta muqaddam o‘zga davlatda iqlimga moslashishning to‘rtinchi kunida inson organizmida og‘ir o‘zgarishlar bo‘lishini aytib o‘tgan edi. Biznikilar aynan to‘rtinchi kuni maydonga tushishdi... Bunday sharoitda o‘yindan bir kun oldin, yoki iqlimga to‘liq moslashish uchun o‘yindan bir hafta oldin boriladi. Bu mening fikrim emas. O‘zi futbolchiligida shu maydonlarda to‘p tepgan sobiq murabbiyimiz M.Qosimovga "Nega Bahraynga futbolchilarni o‘yinga 2-3 kun emas, bir kun qolganda olib ketdingiz?" degan savolga "Hali iqlim futbolchilarni holdan toydirmasidan avval maydonga tushib, o‘ynab olish kerak", degan edi.

NOQULAY ARAB FUTBOLI QAYTMOQDA

Umuman, Vadim Abramov davrida arab terma jamoalarining har qandayi ustidan osongina g‘alaba qozonish immuniteti yaratilgan edi. Bu hozirga kelib yo‘qqa chiqqani. Arab futbolchilaridan yana qo‘rqa boshlaganimiz kishini xavotirga solmay qo‘ymaydi.

Hali keyingi o‘yinda Qatar terma jamoasi ham futbolchilarimizga yetarli bosh og‘rig‘i tug‘dirishi turgan gap. Toshkentdagi 4:0, 2:0, 5:1 hisoblarini unutamiz...