08:46 / 02.04.2017
6143

Bugun Serbiya o‘ziga yangi prezident saylaydi

Serbiyada prezidentlik saylovlari boshlandi. Saylovchilar 11 nomzod ichidan oldindagi 5 yil davomida mamlakatni bosharishi uchun yangi rahbarni tanlashi kerak bo‘ladi.

Ovoz berishda mamlakatning 6,7 milliondan ortiq fuqarosi ishtirok etishi mumkin. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 07:00da (Toshkent vaqti bilan soat 10:00) ochiladi hamda soat 20:00da (Toshkent vaqti bilan soat 23:00) yopiladi.

Respublika saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, jami 8 ming 523ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatadi, shundan 90tasi Kosovo va Metoxiya muxtor o‘lkalarida. Saylovda, shuningdek, serb diasporasi vakillari ham ishtirok etishi mumkin, — ular uchun 32 davlatda 53 ta saylov uchastkasi xizmat ko‘rsatadi. Natijalar RSK tomonidan 96 soat ichida, ya'ni 6 aprel kun soat 21:00gacha e'lon qilinishi kerak.

Nomzodlar 
Jimlik kuniga bir necha soat qolganida Ipsos tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan jamoatchilik so‘rovlariga ko‘ra, mamlakatning amaldagi bosh vaziri Aleksandar Vuchich saylovoldi poygasida ishonchli tarzda yetakchilik qilmoqda. Uni 54,2 foiz kishi qo‘llab-quvvatlagan.

Ikkinchi o‘rinni "Qo‘rqmas Serbiya" fuqarolar guruhi tomonidan ilgari surilgan nomzod, sobiq ombudsman Sasha Yankovich egallamoqda. U 12,8 foiz ovoz jamg‘arib, ikkinchi turga ham o‘tishi mumkin. Uchinchi o‘rinda Lyubisha Preletachevich Beliy taxallusli parodiyachi nomzod Luka Maksimovich bormoqda. Unga 9,5 foiz saylovchilar, asosan yoshlar ovoz bermoqchi. To‘rtinchi o‘rinni 6,8 foiz ovoz bilan sobiq tashqi ishlar vaziri Vuk Yeremich ("Yaxshiroq bo‘lish kerak" partiyasi") egallagan.

Prezidentlik uchun "Milliy ozodlik harakati" partiyasi yetakchisi Miroslav Parovich, "Yetar!" harakati rahbari Sasha Radulovich, "Serbiya eshiklari" asoschisi va prezidenti Boshko Obradovich, Serbiya radikal partiyasi raisi Voislav Shishel, Demokratik partiya nomzodi Aleksandr Popovich, Chayetina munitsipaliteti boshlig‘i Milan Stamatovich, "Voyevodina sotsial-demokratlari ligasi" rahbari Nenad Chanak ham kurashib ko‘radi.

So‘rovlarga ko‘ra, Vuchichni 50 yoshdan oshgan, o‘rta yoki umumiy ma'lumotga ega, mamlakat sharqi va janubiy-sharqida yashovchi fuqarolar qo‘llashmoqda. Sasha Yankovichni poytaxt Belgradda ko‘proq qo‘llashmoqda, uning tarafdorlari 40–50 yosh orasidagi oliy ma'lumotli insonlardir. Yeremichning auditoriyasi Yankovichnikidan 10 yoshga kichikroq, bular universitetda ta'lim olgan insonlar va talabalarning aksariyatidir.  Sobiq tashqi ishlar vazirini mamlakatning g‘arbi va markazidagi aholi ko‘proq qo‘llamoqda.

Amaldagi bosh vazirning saylovda g‘olib chiqishiga hech kimda shubha yo‘q. Tahlilchilarning katta qismi barchasi birinchi turdayoq hal bo‘lishini prognoz qilishgan.

Protsedura
Saylovda 18 yoshdan katta fuqarolar ishtirok etadi. Saylovda davomat uchun minimal chegara o‘rnatilmagan, birinchi turda 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod g‘olib bo‘lishi mumkin. Agar ikkinchi turga o‘tilsa, boshqalardan ko‘proq ovoz yig‘ishning o‘zi kifoya bo‘ladi. Agar ikkinchi turga o‘tilsa, navbatdagi ovoz berish 16 aprel kuni o‘tkazilishi mumkin. Agar bu turda ikki nomzod bir xilda ovoz to‘plasa, 15 kun ichida uchinchi tur o‘tkaziladi.

Mamlakat aholisining 6,7 millioni ovoz berish huquqiga ega, shundan 105 929 kishi Kosovoda, yana 12 mingga yaqin kishi mamlakatdan tashqarida. So‘rovlarga ko‘ra, umumiy saylovchilarning 58,3 foizi ovoz berish huquqidan foydalanishini ma'lum qilgan.

Prezident vakolati
Serbiya parlamentar respublika hisoblanadi, asosiy vakolatlar bosh vazirda. Prezident mamlakat nomidan xalqaro maydonda ish ko‘ra oladi, parlamentga hukumat rahbarligi uchun nomzod taklif qilishi mumkin. U shuningdek, qonunlarga imzo yoki veto qo‘yishi, elchilarni lavozimdan olishi yoki tayinlashi, afv etishi, mukofotlashi mumkin. Prezident mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Serbiyada prezident faqat bir muddatga saylanadi. Davlat rahbarligi uchun nomzodning yoshi 18dan katta bo‘lishi, ro‘yxatga olinishi uchun 10 mingdan ortiq imzo to‘plashi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top