O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19 apreldagi qarori bilan Nodirjon Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ikramov Muzraf Mubarakxodjayevichning birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Xuddi shu qaror bilan Akbar Toshqulov vazir o‘rinbosarligiga tayinlangan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Jo‘rayev Nodirjon Savriddinovich — 1981 yil 6 yanvarda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti-oliy, huquqshunos.
2001 yil Toshkent davlat yuridik institutini (bakalavr), 2006 yil Toshkent davlat yuridik institutini (magistratura) tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Idoraviy me'yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasining katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmaning bosh maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
2003–2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i, 2006–2007 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazining yetakchi maslahatchisi, bosh maslahatchisi, bo‘lim boshlig‘i, 2007–2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasining boshlig‘i, 2008-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasining boshlig‘i, 2014-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta'minlash bo‘yicha tadqiqot markazining direktori, 2016-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Vazirning birinchi o‘rinbosari vazifalari:
- Qonunchilik bosh boshqarmasi faoliyatiga rahbarlik qilish;
- Jinoiy, ma'muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi faoliyatiga rahbarlik qilish;
- Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi faoliyatiga rahbarlik qilish;
- Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi faoliyatiga rahbarlik qilish;
- Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi faoliyatiga rahbarlik qilish;
- Huquqiy axborot bilan taminlash markazi faoliyatiga rahbarlik qilish vazifalari belgilangann.








