13:58 / 28.04.2017
11280

Oq uy Trampning yuz kun ichidagi eng katta xizmati nima ekanini aytdi

Foto: AFP

Oq uy Donald Tramp ma'muriyatining birinchi yuz kuni yakunlarini sarhisob qildi. Xususan, prezidentning tashqi siyosatdagi eng katta xizmatlaridan biri sifatida “Rossiyaning BMTdagi yakkalanishi” e'tirof etildi.

"Suriya va Rossiyani BMTda XXR raisi Si Tszinpin bilan muvaffaqiyatli diplomatiya yo‘li orqali yanada ko‘proq yakkalatib qo‘ydi", - deyiladi Oq uy matbuot xizmati xabarida.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli ham kuni kecha Rossiyaga bosim o‘tkazish kerakligi haqida ma'lum qildi. Diplomatning fikricha, bu Suriyadagi mojaroni hal qilishga imkon beradi.

U Moskvani o‘z xalqiga kimyoviy qurol qo‘llagan mamlakat yetakchisini himoya qilishda aybladi. Uning fikricha, Bashar Asad Rossiyaning homiyligidan foydalanmoqda.

"Ayni damda barcha e'tibor va bosim Rossiyaga qaratilishi kerak, sababi u buni o‘zi istasa tugatishi mumkin", - deya ta'kidlab o‘tgan amerikalik diplomat.

"Men Xavfsizlik Kengashiga bosim o‘tkazishda davom etaman", - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan Xeyli.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Petr Ilichevning bunga javoban ma'lum qilishicha, Suriyadagi gumanitar vaziyatni yaxshilashning eng yaxshi usuli, jangovar harakatlarni to‘xtatish rejimiga amal qilishdir.

"Sizdan ham, g‘arbdagi hamkasblarimizdan ham, vaziyatni yengillashtirish yo‘lida nimalar qilayotganingiz haqida bironta so‘z eshitganimiz yo‘q", - deya aytib o‘tgan rossiyalik diplomat amerikalik hamkasbiga yuzlanib.

Avvalroq Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Moskva Suriyadagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilishdan voz kechish hamda bu davlatda hokimiyatni almashtirish bo‘yicha harakatlarga qarshi ekani haqida ma'lum qilgandi. 

Xeylining Moskvaga bosim o‘tkazish borasidagi chaqiriqlari esa rossiyalik qator siyosatchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Masalan, Federatsiyalar kengashining mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Frants Klintsevich amerikalik diplomatning g‘oyasini samarasiz, deb atadi.

"Aftidan, AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli maktabda yomon o‘qigan shekilli. Shuning uchun unga eslatib o‘tmoqchimanki, Nyuton uchinchi qonunida shunday deyiladi: harakatga har doim unga teng va qarama-qarshi bo‘lgan harakat bor", - deya Klintsevichning so‘zlarini keltiradi uning matbuot xizmati.

"Yerga qayting, xonim Xeyli. Osmonlarda uchib yurish – mas'uliyatli siyosatchilar uchun emas", - deya qo‘shimcha qilgan siyosatchi.

Uning hamkasbi, Federatsiyalar kengashining xalqaro qo‘mitasi raisi Konstantin Kosachev esa, o‘z navbatida, AQShni Suriya mojarosida aybladi.

"Xeylining bayonoti, afsuski, amerikaliklar Suriyadagi haqiqiy vaziyatni to‘la tushunishmayotganidan dalolat beradi", - degan Kosachev.

Eslatib o‘tamiz, Nikki Xeyli AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimini 25 yanvar kuni egalladi. Senat Janubiy Karolina sobiq gubernatorini bu lavozimga deyarli bir ovoz bilan tasdiqladi.

U bu lavozimda 46 yoshli Samanta Pauerni almashtirdi. Pauer Rossiyaga qarshi keskin pozitsiyasi bilan mashhur edi hamda Rossiyaning o‘sha paytdagi tashkilotdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin bilan bir necha bora bahsga kirishgandi.

Mavzuga oid
Top