Hafta davomida FIFA prezidenti Janni Infantino futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish huquqini Trampning qudasiga sotishga urinib, muvaffaqiyatsizlika uchradi, Zelenskiy va Netanyahu Vashingtondagi dafn marosimiga borib, o‘z dardini aytib keldi, Ukraina Rossiyada topib olgan oson nishon - WB obmorlariga dron uchirishni davom ettirdi. Quyida haftaning shu va boshqa ba’zi voqealarini yodga olamiz.
Vashingtondagi uchrashuvlar
Hafta davomida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Amerikaga borib Donald Tramp bilan uchrashdi. Ular rasmiyatchilik uchun har ikki davlatga do‘st ekanini aytgan senator Gremning dafn marosimida ishtirok etishga borganini aytdi, lekin bahonada Tramp bilan gaplashib kelishdi.
Zelenskiy Trampdan qishda Ukraina energetikasini Rossiya zarbalaridan himoya qilish uchun Patriot raketalari so‘radi. Tramp avvalroq Zelenskiy bilan uchrashuvda Amerika Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa ishlab chiqarish litsenziyalari taqdim etishini aytgandi. Lekin Trampning fikri o‘zgarib qoldi. U birdaniga «bu qurollarni bizga qarshi ishlatishsa-chi» deb qoldi. Zelenskiy hech bo‘lmasa qishda Ukrainani himoya qilish uchun yetarli raketa so‘ragan, lekin rad javobini olgan ko‘rinadi.
Netanyahu Tramp ikkinchi muddatiga kirishganidan keyin «u bilan eng ko‘p uchrashgan siyosatchi ekanini» ta’kidlab aytdi. Ya’ni, shunchaki uchrashishning o‘zi muhim edi Isroil bosh vaziri uchun. Aytgancha, Netanyahu sentyabrda Nyu-Yorkda o‘tadigan BMT yig‘ilishiga ham borishini anons qildi. Nyu-York hokimi Mamdani Netanyahuni harbiy jinoyatchi deb atab, federal kuchlarni uni hibsga olishga chaqirgan. Shu sabab Netanyahuning Nyu-Yorkka tashrifi atrofida katta intriga yuzaga kelmoqda.
Ispaniyada migrantlar bosqini
Haftaning eng shov-shuvli voqeasi Marokash tomondan Ispaniya chegarasini minglab odamlar buzib kirgani bo‘ldi. Seuta shahriga Afrika davlatidan 3 ming atrofida noqonuniy muhojirlar bostirib kirgan. Iyul oyi boshida Ispaniyada noqonuniy migrantlarni osonlashtirilgan tarzda qaytarib yuborish tartibi bekor qilingandi. Hukumatning fikricha, mafiya va jinoiy tashkilotlar bu qarordan o‘z manfaati uchun foydalanishi migratsiya oqimini kuchaytirgan.
Voqea joyidagi jurnalistlarning yozishicha, Ispaniya chegarasi ochiq qolgani haqida eshitgach, marokashliklar ham Seutaga kirishga oshiqqan. Odamlar oddiy puflanadigan qayiqda Ispaniya sohillariga yetib kelgan, keyin chegarani buzib kirgan. Dengizda 9 kishining jasadi topilgan, tiqilinchda kamida 60 kishi halok bo‘lgan.
















