Kun fotosi: Buffon o‘yindan keyin Mbappeni ovuntirmoqda
Chempionlar ligasining yarim finali doirasida «Yuventus» va «Monako» jamoalari o‘rtasida kechgan va mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin turinliklar darvozaboni Janluidji Buffon hamda monegasklar hujumchisi Kilian Mbappe do‘stona quchoqlashdi. 39 yoshli darvozabon o‘z jamoadoshlari g‘alabani nishonlashayotgan vaqtda 18 yoshli raqibi oldiga kelib, uni o‘pib qo‘ydi va unga kelgusida muvaffaqiyatli faoliyat tiladi.
O‘yindan oldin italiyalik ushbu darvozabon «Mbappe men jahon chempionatida o‘ynashga ulgurganimda dunyoga kelgan», deya eslatib o‘tgandi. O‘yin davomida fransiyalik yosh hujumchi jamoasining yagona javob golini urdi va Chempionlar ligasi yarim finallarida gol urgan eng yosh futbolchi sifatida tarixga kirdi. Bundan tashqari, Mbappe o‘zining bu goli bilan Buffonning 600 daqiqa davom etgan «quruq seriyasi»ni to‘xtatdi.
Chempionlar ligasi finali 3 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Kardiff finalida «Yuventus»ga «Atletiko»– «Real» juftligi g‘olibi ro‘para bo‘ladi. Madrid jamoalari o‘rtasidagi javob uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 23.45da boshlanadi. Birinchi uchrashuvda «Qirollik klubi» 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi.