Fransiya – Ispaniya
Jahon chempionati. 1/2 final
15 iyulga o‘tar kechasi, 00:00. AT&T Stadium (Arlington)

Bugun tunda jahon chempionatida finalning ilk ishtirokchisi aniqlanadi. Himoyasi kuchli Ispaniya hujumga urg‘u qaratgan Fransiyaga qarshi. «Chempionat» kolumnisti Dmitriy Bajanov JCh-2026 yarimfinalidagi birinchi juftlik o‘yini uchun prevyu tayyorladi.

Fransiya va Ispaniya qatorasiga ikkinchi yirik turnirda to‘qnashmoqda. Va bu safar ham – yarimfinalda. 2024 yilgi Yevropa chempionatida ispanlarning yosh avlodi haqiqiy kashfiyotga aylangan, qanotlardagi Lamin Yamal va Niko Uilyamsning harakatlari jamoa o‘yinidagi yorqinlik, dadillik va shijoatni ta’minlagandi. Fransuzlar esa aksincha, ortiqcha pragmatizm bilan hafsalani pir qilgandi. Dide Desham tanlagan o‘yin uslubi uchun turnir davomida kuchli tanqidga uchragan. Faqat natija ko‘rsatish orqaligina bu tanqidlardan himoyalanish mumkin edi.

Yakunda Lamin Yamal o‘zining mo‘jizaviy golini urgan o‘yinda Ispaniya g‘olib chiqadi (2:1). O‘shanda Dani Karvahal yo‘qligi (u chorakfinalda qizil kartochka olgani uchun diskvalifikatsiyaga uchragandi) ham ispanlar g‘alabasiga xalal bermagandi. O‘ng qanot himoyasiga uning o‘rniga faoliyatini yakunlash arafasida turgan faxriy futbolchi Xesus Navas tushirilgandi. Ikkinchi bo‘limda esa Navasning o‘rnini nominal markaziy himoyachi Dani Vivyan egallagandi. Mbappe boshchiligidagi hujum chizig‘ini to‘xtatish qiyin bo‘lgandi, ammo ular uddalashgandi.

Keyinroq, 2025 yilda, Fransiya va Ispaniya o‘rtasida yana bir yarimfinal o‘yini bo‘lib o‘tadi – bu safar Millatlar Ligasida. Bu uchrashuvda ispanlar haqiqiy karnaval uyushtirib, 5:4 hisobida g‘alaba qozongandi. Hisobga qarab, fransuzlar tengma-teng o‘yin ko‘rsatganini aytish mumkin. Ammo amalda Luis de la Fuente shogirdlari bu safar ham yorqin o‘yin ko‘rsatib, ikkinchi bo‘lim boshlaridayoq 4:0 hisobida oldinga chiqib olishgan, 80-daqiqagacha 5:1 hisobida oldinda borishgandi. O‘yin oxirida haddan tashqari xotirjamlikka berilib, fransuzlar oradagi farqni minimal darajada qisqartirishiga imkon berishadi, ammo g‘alabani saqlab qolishadi.

Hozir, jahon chempionatida jamoalar o‘yin uslubi borasida rollarni almashib olishgan. Ispaniya Yevro-2024 yoki Millatlar Ligasidagi kabi hujumkor o‘ynamayapti. Fransiya esa, aksincha, Desham boshqaruvi davridagi eng yorqin futbolini namoyish etmoqda.