Fan-texnika | 17:40 / 15.05.2017
27131
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda uzunligi 2 ming kilometrga teng avtopoygaga start berildi

12 ekipajdan iborat Discover Rally Tour ralli-kvesti MICE Group sayyohlik kompaniyasi tomonidan tashkil etildi. Qariyb 2000 kilometrlik masofani bosib o‘tishga o‘z tayyorligini bildirgan avtohavaskorlar 13-19 may kunlari oralig‘ida bosib o‘tiladigan marshrut bo‘ylab joylashgan qator shaharlar, qishloqlar, ahamiyatga molik tarixiy obidalarni ziyorat qilibgina qolmay, yo‘nalish bo‘ylab belgilangan kvest shartlari va vazifalarini yechishlari ko‘zda tutilgan.

Avtohavaskorlar poygasi O‘zbekistonning yirik shahar va hududlari - Samarqand, Buxoro, Termiz, Shahrisabz, Urgut kabilar orqali o‘tadi. Belgilangan yo‘nalish umumiy foydalanish yo‘llaridan chetlatilmaganligi unda hatto yengil avtomobillarning ishtirokini ta'minlab berdi. Butun yo‘l bo‘ylab jamoani malakali gid hamda texnik hizmat mashinasi qo‘llab-quvvatlab turadi. Jamoa vakillari mamlakatning 5ta eng yaxshi mehmonxonasida to‘xtashi, tarixiy obidalar bo‘ylab ekskursiyada qatnashishi, hamkorlarning sovg‘alari bilan taqdirlanishlari va uzluksiz ravishda netvorkingdan bahramand bo‘lishlari ko‘zda tutilgan.

Discover Rally Tour – Toshkentda faoliyat olib borayotgan MICE Group sayyohlik kompaniyasining xususiy loyihasidir. MICE Group O‘zbekiston bo‘ylab ishchi turlar va biznes tadbirlar o‘tkazishga ixtisoslashgan MICE yo‘nalishida xizmat qiladigan kompaniyalardan biridir. 

«Oldimizga qo‘yilgan muhim vazifalardan biri nafaqat aholining ichki turizmga bo‘lgan qiziqishini orttirish, mamlakatimiz bo‘ylab joylashgan tarixiy obidalarni yanada yuqoriroq pog‘onalarga ko‘tarish, balki avtoturizm kabi yangi yo‘nalishni rivojlantirish orqali mamlakatimizning betakror go‘zalligini yana bir bor namoyish etishdir», - deydi MICE Group rahbari Sevil Sakayeva. 

Mavzuga oid