Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadqiqot: Xonqizining asosiy siri ochildi
Xonqizining 4 mingdan ziyod turi mavjud. Xonqizining qanday qilib qanotlarini o‘z qalqonchasi ostiga yashirishi ko‘p yillar davomida olimlarni o‘ylantirib kelardi, chunki uning qanotlari qulochi tanachasi hajmidan ancha katta. Nihoyat yapon tadqiqotchilari ularni o‘ylantirgan jumboqni yechishga muvaffaq bo‘lishdi. Yaponlar o‘z tadqiqotlariga doir ma'lumotlarni PNAS jurnalida chop etishdi.
Olimlar xonqizining qanotlari origami shakli kabi bir necha marta buklanishini bilishardi, albatta. Biroq u buni qanday amalga oshirishi - fanga noma'lumligicha qolgan edi. Bu hashoratning qanotlarini yozishi va yig‘ishi mexanizmi shu qadar tez va aniq ishlaydiki, hatto bu jarayon olimlarga innovatsion robotlar, sun'iy yo‘ldoshlar yoki tibbiy uskunalarni yaratishda katta yordam berishi mumkin. Tokio universitetining professor Kadzui Sayto rahbarligi ostidagi xodimlari davomli izlanishlardan keyin xonqizining qanotlari mexanizmi tamoyilini tushunishga muvaffaq bo‘lishdi.
Buning uchun olimlar noodatiy yo‘l tutishdi. Ular xonqizi uchun sun'iy qanotlar yaratib, ularni xonqiziga ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilishdi. Shundan so‘ng kompyuter tomografiyasi yordamida bu mexanizmning qanday ishlashini o‘rganishdi. Xonqizi qanotlarining sun'iy variantini ishlab chiqish oson bo‘lmadi, ko‘p sonli tajribalardan keyingina buning uddasidan chiqildi. Qanotlar ultrabinafsha ta'siri ostida qotuvchi maxsus geldan yaratildi. Aynan shu implantantlar yapon olimlariga hashorat sirini ochish imkonini berdi.
Ma'lum bo‘lishicha, xonqizi qanotlarining yozilishi va yig‘ilishi gidravlikaga asoslanadi. Qanotlar qon tomirlari bilan to‘lgan. Ular yig‘iq vaqtida tomirlar siqiladi, shu bois ularda qanotlarni bir zumda yozishga yordam beruvchi elastik energiya to‘planadi. Qanotlarda hech qanday bo‘g‘imlar yoki birikmalar yo‘q, bu olimlarni juda ajablantirdi.
Olimlar ushbu texnologiyani o‘rganib, aviatsiya va kosmonavtika sohasida ko‘p yangiliklar qilishlari mumkin. Shuningdek unga asoslanib, soyabonlarning klassik mexanizmini ham yangilaydigan vaqt kelganga o‘xshaydi.