Senatning yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlarini ijro etish maqsadida ishlab chiqilganligi ta'kidlandi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlashda ularning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2017 yil 21 apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunga, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida»gi, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, Oliy Majlis Senati ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotini, tashqi ishlar vazirining o‘z faoliyati haqidagi axborotini yiliga ikki marta eshitadi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotini Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitalarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqqan holda yiliga ikki marta eshitadi. 

Qonunda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etishni, shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitishni Oliy Majlis Senatining vakolatlaridan chiqarish nazarda tutilmoqda. Oliy Majlisning 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmoqda.