Shahar dizayni bo‘yicha taniqli maslahatchi, arxitektor, Daniyaning Gehl Architects firmasi asoschisi Yan Geyl Toshkentning shahar muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

Yan Geylning tashrifi Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkillashtirildi va u arxitektorlar uchun seminarda Toshkentda asfalt haddan ziyod ekanligi, shaharning o‘zi esa avtomobillar uchun o‘ta qulayligi, bu esa ularning soni ortishiga sabab bo‘lishi va oradan 10 yillar o‘tgach, shahar tuganmas tirbandliklar va nafas olib bo‘lmaydigan havoga duchor bo‘lishini ta'kidlab o‘tgan.

Geyl o‘zining «Jamoat joylari. Jamoatchilik hayoti» kitobida bosqichma-bosqich tuzatishlar 40 yil ichida Kopenhagenni avtomobil shahridan piyodalar shahriga qanday aylantirganini yozadi.

Geyl ta'kidlab o‘tgan narsalarning barchasi to‘g‘ri. Biroq, daniyalik arxitektor hokimlarning bir necha avlodi tomonidan yashil daraxtlardan mahrum etilgan Toshkentga keldi. Ikkinchidan, qadimda tuzilgan bosh reja avvaliga ayovsiz o‘zgartirilgan, keyin butunlay chetga surib qo‘yilgan, oqibatda, talablarga javob bermaydigan darajada eskirgan. Ayni paytda mamlakatning yangi rahbariyati tomonidan tiklanayotgan berk ko‘chalar holatiga qarab so‘nggi o‘n yoki undan ortiq yillarda shahar muhiti va uni rivojlantirish borasida mutaxassislarning so‘zlariga nechog‘lik quloq solinganini anglash mumkin. 

Taassufki, shaharni rivojlantirish konsepsiyasi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan Toshkent bosh reja ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti (TashNIPIGenPlan)ga ham ish topilmay qoldi, chunki mutaxassislarning fikri mamlakat rahbariyatinikiga mos kelmay qolsa, uni shunchaki rad etib qo‘yaqolishgan. Uzoq vaqt moliyalashtirishsiz qolgan institut tajribali mutaxassislaridan ayrilgan. Ular xususiy loyihalarga o‘tib ketishgan yoki mamlakatni tark etishgan. Institut bugungi kunga kelib o‘z vazifalarini me'yorida bajarish imkoniyatiga ega emas. Boz ustiga, volyuntaristik qarorlar hanuz o‘tmishda qolib ketganga o‘xshamayapti.

O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasining taqdiri ham shunday bo‘ldi, bu tashkilot ham barcha sohani puxta biluvchi mutaxassisman, deganlarga yoqaman, deya o‘z nufuzini yo‘qotib qo‘ydi. O‘z fikrini bildirish yoki savol berishga bo‘lgan har qanday urinish tashkiliy masalaga sabab bo‘lardi.

Shaharni rivojlantirishning bosh rejasini muhimligi va zarurligini teran anglamoq kerak. Bosh reja — bu qayerda va qanday obektni joylashtirib qurish, qayerdan qanday yo‘l o‘tkazishdangina iborat emas. Bu barcha injyenerlik va transport infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, injyenerlik kommunikatsiyalari, aloqa kabel xo‘jaligi, suv va gaz manbalari — muxtasar qilib aytganda, shaharning normal faoliyat ko‘rsatishini ta'minlovchi barcha narsadan iborat.