Fargʻona viloyatida Afgʻonistonning Kam Air kompaniyasi bilan hamkorlikda xalqaro aviakompaniya tashkil etilishi mumkin.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Kam Air rahbari Umar Muhammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi chogʻida ushbu mavzu muhokama qilindi.
Xabar qilinishicha, uchrashuvda Uzbekistan Airports tijoriy faoliyat departamenti boshligʻi Timur Xalilov ham ishtirok etdi.
Muloqot chogʻida joriy yil 26–27-iyul kunlari Fargʻona viloyati delegatsiyasining Afgʻonistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, aviasozlik sohasida ham hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Xususan, Fargʻonada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish tashabbusi yuzasidan fikr almashildi. Loyihani amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar, zarur infratuzilma va xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish jarayonlari muhokama qilindi.
Tegishli tashkilotlar va mutaxassislar ishtirokida loyihani amaliy bosqichga olib chiqish, xalqaro standartlar asosida ishlarni tashkillash chora-tadbirlariga eʼtibor qaratildi.











