«Liverpul» futbolchisi Filippe Koutino «Barselona»ga o‘tishga yaqin.

El Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, katalonlar klubidagilar ushbu 25 yoshli braziliyalik futbolchi mersisaydliklardan 100 million yevroga sotib olinishiga ishonch bildirmoqda, ushbu transfer 8 avgust kuni rasmiylashtirilishi mumkin.

«Barselona» Koutino bilan 5 yillik shartnoma tuzadi.

Bungacha «Liverpul» ushbu havbek uchun kataloniyaliklarning ikki taklifini rad qilgandi.

Koutino jamoaning Dublinda «Atletik»ka qarshi o‘tkazgan va 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘rtoqlik o‘yiniga bormadi. Bu uning belida og‘riq paydo bo‘lgani bilan izohlangan.

Biroz avvalroq «Barselona» «Borussiya»dan 100 mln yevroga Usmon Dembeleni sotib olayotgani haqida xabar berilgandi.