- Kiyevning "40 kunlik" strategiyasi yakunlanmoqda: Ukraina o‘z maqsadlariga qanchalik erishdi?

Anvar Yo‘ldoshev: “40 kunlik ta’sir operatsiyasi” mobaynida Ukraina Rossiya hududiga, jumladan, Moskva va uning atrofidagi hududlarga uyushtirilgan zarbalarni sezilarli darajada kuchaytirdi. Bu hujumlar Rossiya poytaxti aholisi urushning oqibatlarini bevosita his qilishi mumkinligini ko‘rsatdi hamda jamiyatda xavotirni kuchaytirdi. Mazkur operatsiyani tahlil qilar ekanmiz, buni ikki xil nuqtai nazardan baholash mumkin.

Taktik jihatdan qaraganda, Ukraina muayyan natijalarga erishdi. Rossiya hududidagi qator nishonlar, jumladan, neftni qayta ishlash zavodlari, energetika va logistika infratuzilmasiga zarbalar berildi. Bu esa Rossiya ichkarisida xavfsizlik masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ydi va aholi orasidagi xavotirni kuchaytirdi. Biroq strategik nuqtai nazardan kutilgan natijaga erishilmadi. Operatsiyaning asosiy maqsadi Kremlni muzokaralarga majbur qilish edi.

Zelenskiy bu davr ichida Rossiyaga bosim shu darajada kuchaytirilishini, natijada Vladimir Putin muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur bo‘lishini ta’kidlagan edi. Ammo amalda bunday bo‘lmadi. Aksincha, Rossiya ham javob zarbalarini kuchaytirdi va Ukraina hududiga raketa hamda dron hujumlari ko‘lamini kengaytirdi.

Xulosa qilib aytganda, Ukraina “40 kunlik ta’sir operatsiyasi” davomida ayrim taktik maqsadlariga erishgan bo‘lsa-da, uning asosiy strategik maqsadi – Rossiyani muzokaralarga majbur qilish vazifasi hozircha amalga oshgani yo‘q.

Kamoliddin Rabbimov: Operatsiya davomida Rossiya ichidagi ijtimoiy kayfiyatda sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Bugun xalqaro ommaviy axborot vositalari va ochiq manbalar orqali Rossiya jamiyatidagi kayfiyatni ham ma’lum darajada baholash mumkin. Urush boshida Kreml qisqa muddat ichida Ukrainani egallashni rejalashtirgan edi. Ammo bugungi vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, urush endi faqat Ukraina hududida emas, balki Rossiya ichkarisida ham sezilmoqda.

So‘nggi haftalarda mamlakatdagi yirik logistika markazlari, neftni qayta ishlash korxonalari va boshqa muhim infratuzilma ob’yektlari nishonga olindi. Ayrim korxonalar faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lsa-da, energetika va yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Natijada, dunyodagi eng yirik neft eksportchilaridan biri bo‘lgan Rossiya ayrim hududlarda yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Bu esa ichki bozordagi vaziyatga va jamoatchilik kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.