Saytimizda «O‘zbekiston Futbol federatsiyasi o‘zbek futbol muxlislarini «jazo»ladi» maqolasi e'lon qilinganidan so‘ng o‘quvchilarga aslida voqeaning asl yuzi qanday ekanligini ko‘rsatish uchun kichik surishtiruv o‘tkazishga qaror qildik va O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati boshlig‘i Sanjar Rizayev bilan bog‘landik.

— Avvalo, maqolada o‘yinlar yopiq eshiklar ortida o‘tishi haqidagi taklif Qirg‘iziston terma jamoasining talabi bilan amalga oshirilgani haqida xabar federatsiya saytida berilgani va keyinchalik bu xabar saytdan olib tashlangani haqidagi ma'lumot asosga ega emasligi ta'kidlamoqchiman. Federatsiya matbuot xizmati bunday axborot tarqatmagan, — deya o‘z so‘zlarini e'tirozdan boshladi Sanjar Rizayev.

Haqiqatdan ham, faqatgina Championat.asia saytiga o‘yin 25 avgust kuni «Bunyodkor» stadionida o‘tishi rejalashtirilgani, O‘FF va QFF o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng stadion o‘zgarishi mumkinligini, o‘rtoqlik uchrashuviga muxlislar kiritilmasligini Qirg‘iziston tomoni so‘rayotganini Sanjar Rizayevning tilidan yozgan va haqiqatan ham federatsiya matbuot xizmati bunday ma'lumot tarqatmagan. Championat.Asia esa «O‘zbekiston - Qirg‘iziston uchrashuvi mehmonlar iltimosiga ko‘ra muxlislar uchun yopiq bo‘ladi» sarlavhasi ostida omma ma'lumot tarqatgan.

(O‘FF sayti o‘yin Qirg‘iziston terma jamoasining talabi bilan yopiq eshiklar ortida o‘tkazilishini haqida xabar bergani va so‘ngra bu xabarni saytdan olib tashlagani haqidagi ma'lumot darhaqiqat noto‘g‘ri ekanligini tan olaman. Chunki federatsiya vakilining «o‘yin mehmonlar iltimosiga ko‘ra muxlislar uchun yopiq bo‘ladi», degan gapini ijtimoiy tarmoqlar lentasida o‘qib, uni federatsiya saytidan topa olmaganimdan so‘ng anglashilmovchilik yuz bergan — Sh.Sh.).

«Aslida, Qirg‘iziston bilan o‘tkaziladigan uchrashuv avval boshdan «A» tasnifdagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida edi. Shu sababli, o‘yin haqidagi ma'lumot FIFAning ro‘yxatiga kiritish maqsadida tashkilotga yuborilgan. So‘ngra bu o‘yin bo‘lib o‘tishi haqida O‘FF rasmiy saytida rasman ma'lumot berilgan.

Ya'ni ushbu o‘yin dastavval milliy terma jamoalar o‘rtasidagi rasmiy o‘yin sifatida darajalangan. Lekin oradan vaqt o‘tgach, O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari murabbiylar shtabining o‘zaro kelishuviga ko‘ra, o‘yinda o‘yinchi almashtirishlar sonida chegara bo‘lmasligi sababli FIFA bu uchrashuv «A» tasnifidagi, milliy terma jamoalar o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga to‘g‘ri kelmasligini aytib, unga mashg‘ulot-nazorat o‘yini sifatida daraja bergan.