Sport | 14:50 / 23.08.2017
40694
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi o‘zbek futbol muxlislarini «jazo»ladi

Ma'lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 25 avgust kuni «Bunyodkor» stadionida Qirg‘iziston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Bu o‘rtoqlik uchrashuvi milliy terma jamoamizning 2018 yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining Xitoy (31 avgust) va Janubiy Koreya (5 sentabr) ga qarshi saralash uchrashuvlari uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tab berishi kerak.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi xodimi Chempionat.asia saytiga ma'lum qilishicha, ushbu futbol uchrashuvi TVda translyatsiya, internet saytlarda onlayn translyatsiya qilinmay, muxlislar stadionga qo‘yilmasligi ma'lum qilinib, Qirg‘iziston terma jamoasining talabi bilan amalga oshirilganini yozib chiqqan edi. Keyinroq O‘FF rasmiy saytida bu o‘yinga oid barcha rasmiy ma'lumotlar taqdim etilishi aytilgan.

Keyinroq o‘sha rasmiy xabar O‘FF saytida e'lon qilindi:

«O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining qaroriga ko‘ra, 25 avgust kuniga belgilangan O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yopiq tarzda o‘tkaziladi».

Ya'ni, bu qarorga baribir Qirg‘iziston tomoni emas, O‘zbekiston futbol federatsiyasi kelganligi tan olindi.

«Ushbu o‘yinni tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan muzokaralar davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘yinchini almashtirish imkoniyatidan cheklanmagan miqdorda foydalanishga o‘zaro kelishib olganligi munosabati bilan o‘yin xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga ega bo‘lmaydi».

Tushunarli. Lekin, har qanday futbol muxlislar uchun emasmi?

«Futbol qoidalari»ning maydondagi o‘yinchilarning soni haqidagi 3-bandiga ko‘ra, milliy terma jamoalarning xalqaro o‘yinlarida ko‘pi bilan bir jamoadan 6 futbolchining almashtirilishiga ruxsat beriladi. 6 futbolchidan ko‘p o‘yinchi almashtirilgan o‘yinga «nazorat uchrashuvi» maqomi beriladi va u FIFAning xalqaro taqvimida ro‘yxatga qo‘yilmaydi. Shu sababli, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘yin nazorat o‘yini sifatida darajalanadi va FIFA reytingini hisoblashda inobatga olinmaydi».

Yaxshi... Bu ham tushunarli. Muxlislar-chi?

«FIFAning 2017 yil 26 iyulida tashkilotga a'zo federatsiyalarga yuborgan 1593-raqamli sirkulyarga ko‘ra, bunday nazorat uchrashuvilarining targ‘iboti, o‘yinga chipta sotish, o‘yinni translyatsiya qilishga ruxsat berilmasligi munosabati bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi nazorat o‘yini translyatsiya qilinmaydi».

Ruxsat berilmaydi — taqiqlanadi, degani. Lekin FIFAning o‘sha sirkulyarining originaliga nazar tashlasak sal boshqacharoq gaplarga duch kelamiz:

Regulations Governing International Matches and, logically, it could not be considered as an international «A» match in any of FIFA's files and registers, therefore not having any effect on the pertinent FIFA/Coca-Cola World Rankings. Furthermore, such «training» matches should not be promoted as international «A» matches in order to prevent any misleading communication among the football family (teams, spectators and media).

Jamoalar, muxlislar va OAV o‘rtasida TUShUNMOVChILIK keltirib chiqarmasligi uchun «A» toifadagi o‘yinlar singari targ‘ibot qilinmasin, degan joyi bor tavsiyada. Ya'ni chipta sotish mumkin, muxlislar va jurnalistlar kiritilishi mumkin, translyatsiya qilinishi ham mumkin. Shunchaki u o‘yin XALQARO O‘RTOQLIK UChRAShUVI maqomida bo‘lmaydi, barcha e'lonlarda NAZORAT UChRAShUVI, deb qo‘yilsa bas.

Ayniqsa, FIFA «muxlislar stadionga kiritilmasin», deb bitta holatda qat'iy ayta oladi: o‘sha muxlislar oldingi o‘yinda birorta nojo‘ya harakat qilgan bo‘lsa. Muxlislar uchun bu o‘ziga xos jazo hisoblanadi. Bizning muxlislarimiz esa hech qanday noto‘g‘ri xatti-harakat qilishgani yo‘q. Nega unda O‘FF ularni «jazo»lamoqda?

Hatto o‘sha FIFA muxlislarga ban e'lon qilgan o‘sha o‘yinlar ham TVda translyatsiya kilinadi! Ya'ni, stadionda janjal ko‘targan muxlislar ham o‘yinni TVda jonli efirda ko‘rish mumkin. Bizning muxlislar esa qandaydir undanam battar gunoh qilib qo‘yishganki, buni o‘zlari bilishmaydi, shekilli.

O‘yinga nafaqat faqat chipta sotilmasligi, TVda ham ko‘rsatilmasligidan xulosa qilsak, o‘yinni hech kim ko‘rmasligi talabi, murabbiylardan chiqqan bo‘lishi tabiiy.

Tushunib turibmiz, oldimizda muhim ikkita o‘yin turibdi. Ularning har ikkisida g‘alaba qozonsak — Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqamiz.

Bu o‘yinlarga MTJ bosh murabbiyi alohida tayyorgarlik ko‘rib, ayrim taktikalarni sinab olishi mumkin. Shu choqqacha terma jamoamiz «oqlar» va «ko‘klar»ga bo‘linib o‘ynardi. Bu safar «ko‘klar» vazifasini qirg‘izlar bajarib bermoqda. Bu o‘yinni kimdir yozib olib, Xitoy yoki Koreya tomoniga uzatilishidan xavfsiramoqda. Muxlislar qo‘yilsa — Xitoydan kelgan josuslar ham bemalol o‘yinga kirishi, o‘yinni s'yomka qilishi mumkin bo‘ladi. Xitoylar kelmasa ham shu o‘yinni syo'mka qilib xitoyliklarga pullashi mumkin bo‘lgan insonlar ham oramizdan topiladi — bunga ham ishonamiz.

Balkim stadionda o‘yin davomida norozi muxlislarning hayqiriqlarini eshitishni istashmayotgandir? (Muxlislarning «gunohi» shu emasmikin, degan xayolga borib qoldim)

Xullas, barchasini tushunib turibmiz. Men muxlislar stadionga kirishi kerak, deya terma jamoamizning irimkash murabbiylarining rejalarini buzmoqchi emasman. Natijalarga ular javobgar. Bilgan shakarini yeyishsin! Lekin shularni ro‘y-rost aytsa bo‘lmasmidi futbol federatsiyasi? Tushunamiz-ku?!

Shuhrat Shokirjonov.

Mavzuga oid