Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga ko‘ra, O‘zbekistonda mobil aloqa qurilmalarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yangi qaror ishlab chiqildi. Ushbu qaror loyihasini amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil aloqa vositalarini hisobga olish, xususan mamlakatimizga olib kirilayotgan mobil qurilmalarning xalqaro identifikatsiya kodi bilan majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini tartibga solish ko‘zda tutilgan.

Mobil qurilmalarni o‘g‘irlash holatlariga qarshi yangi loyiha ishlab chiqilmoqda

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Xo‘sh, xalqaro identifikatsiya kodi deganda nima nazarda tutiladi? 

Kun.uz muxbiri shu mavzu yuzasidan vazirlikka tashrif buyurib vazirlik mutaxassislari bilan suhbat qildi.

Xalqaro identifikatsiya kodi ya'ni IMEI (International Mobile Equipment Identity) kod – har bir apparatda bo‘luvchi takrorlanmas identifikator bo‘lib, mobil qurilmalarni kuzatib yurishga mo‘ljallangan.

Loyiha aholi fikr-mulohazalari va munosabatlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Me'yoriy-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga qo‘yildi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa mazkur yangilik katta muhokamalarga sabab bo‘ldi va foydalanuvchilar orasida bu tizimga nisbatan salbiy munosabatlar, tushunmovchiliklar paydo bo‘la boshladi.

Albatta, bunga asosiy sabab ommaning qaror mohiyatini, maqsad va vazifalarini to‘laqonli tushunib yetmaganidadir. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Mobil aloqa bo‘limi boshlig‘i Timur Mashanpin mana shunday savollarga javob berdi.

Foto: Kun.uz

Ma'lum bo‘lishicha, yurtimizda yangi loyihaning ishga tushirilishi uchun yetarlicha asoslar mavjud. Keling, ularni birma-bir sanab o‘tamiz:

1. Bugungi kunda norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga xorijdan 2-3 millionga yaqin mobil telefonlar olib kiriladi. Bundan bor-yo‘g‘i 50 mingtasigina bojxona hujjatlari rasmiylashtirib, to‘lovlar amalga oshirilganidan keyin qonuniy yo‘l bilan kirib keladi. Bu esa hozirda aholimizning ko‘p qismi sertifikatsiya qilinmagan mobil qurilmalardan foydalanayotganini anglatadi. Majburiy to‘lovlar, soliqlar to‘lanmagani natijasida esa O‘zbekiston byudjyetiga zarar yetkazilmoqda.