O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari muhokamasi portalida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlangan, Vazirlar Mahkamasining «Mobil qurilmalarni qayddan o‘tkazish tartibi va shartlari haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi rus tilida muhokamaga tashlandi.
Hujjat loyihasida mobil qurilmalarni qayddan o‘tkazish tartibi va shartlari haqidagi nizom prezidentning 2018 yil 12 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–5414-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №847-sonli qaroriga ko‘ra ishlab chiqilgani aytilmoqda.
«Mazkur nizom bilan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi shart bo‘lgan mobil telefonlar va mobil aloqa moduliga ega bo‘lgan boshqa qurilmalarni qayddan o‘tkazish tartibi va shartlari tartibga solinadi», — deyiladi hujjat loyihasida.
O‘zbekistonda foydalanilayotgan, olib kirilayotgan, sotilayotgan, ishlab chiqarilayotgan hamda abonentlarga O‘zbekiston hududida GSM, UMTS va LTE standartlarida mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish imkonini beruvchi mobil telefonlar (masalan, telefon va smartfonlar) va mobil aloqa moduliga ega bo‘lgan qurilmalar (masalan, noutbuklar, planshetli kompyuterlar, modemlar, bankomatlar, infokiosklar, aqlli soatlar, telemetriya qurilmalari, aqlli uy va xavfsizlik tizimi elementlari) qayddan o‘tkaziladi.
Ma'lumot uchun: IMEI kodi (International Mobile Equipment Identification) — mobil qurilmaning xalqaro unikal identifikatsiya nomeridir. IMEI kod 15ta raqamdan iborat va uni ko‘rish uchun mobil qurilma klaviaturasida *#06# simvollarini bosish kerak. GSMA assotsiatsiyasi Mobil qurilmalarni identifikatsiyalar xalqaro ma'lumotlar bazasi (IMEI Db) sifatida tanilgan unikal tizimni qo‘llaydi, bu baza mobil qurilmalar (telefonlar, noutbuklar, planshetlar va h.k.) IMEI diapazonlari haqidagi asosiy ma'lumotlarni o‘zida to‘plagan markaziy ma'lumotlar bazasi bo‘lib, butun dunyoda undan foydalaniladi.















