Facebook ijtimoiy tarmog‘ining o‘zbek segmentidagi, xususan Uzbek MDK kabi guruhlarida shu yilning iyul oyida Sergeli tumanida notanish qizga pichoq bilan jarohat yetkazgan jinoyatchiga 3 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. 

Muallifi noma'lum bo‘lgan xabarda jinoyatchi juda yengil jazo olgani ijtimoiy tarmoqlarda juda tez tarqalib, ko‘plab kishilarning bilib-bilmay keskin fikrlar bildirishlariga asos bo‘ldi. Muallif o‘zi yozgan ma'lumotni imkon qadar tarqatishda ko‘maklashishga chaqirgan va qandaydir choralar ko‘rishga chaqirgan. 

Skrinshot: Facebook

U dastavval Sergeli tumanida qizni pichoqlab ketilishiga oid voqeani yodga olib, jabrlanuvchi nomidan yozayotganini uqdiradi. So‘ngra, uning ta'biri bilan aytganda, ijtimoiy xavfli jinoyatchiga 3 yillik qamoq jazosi tayinlangani, ya'ni uni deyarli jazolashmaganini ta'kidlaydi. 

“Ayni vaqtda u mening hayotimga xavf solmoqda. Bizning hukumat qayoqqa qarayapti. U barchamiz uchun xavfli. Men adolat talab qilaman. Sizlardan iltimos, yana bir fojia yuz bermasdan avval, shu xabarni imkon qadar ko‘proq tarqatinglar!. Iltimos, e'tiborsiz qoldirmang! U avval ham shu kabi jinoyatni sodir etgani uchun sudlangan bo‘lgan. Buni shunday qoldirish mumkinmi, axir?”, - deydi jabrlanuvchi nomidan yozayotgan anonim kishi. 

Albatta, uning bu kabi “dod-voy”ini eshitgan hamda o‘z atrofida bo‘layotgan hodisalarga befarq bo‘lmagan har qanday kishi turli xayolga boradi. 

Nima uchun, shunchalik xavfli jinoyatchi ekan, sud hokimiyati mulozimlari, tergovchilar bu ishga qo‘l uchida qaradi, bu yerda korrupsiya alomati yo‘q emasmikan, degan turli savollar paydo bo‘la boshlaydi. Ko‘pchilik bilib-bilmay, adolat degan tushunchani bir tomonga yig‘ishtirib qo‘yib, aslida nima bo‘lganidan bexabar bo‘lgan holda, izohlar qoldirishgan. 

Ularning aksariyatini anchagina keskin fikrli ekanini ta'kidlash o‘rinli.

Skrinshot: Facebook
Skrinshot: Facebook