Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida bugun, 15 oktabr kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tmoqda. 11 nafar nomzod prezidentlik da'vogar, ulardan 3 nafari, Omurbek Babanov, Sooronbay Jeenbekov va Timur Sariyev asosiy da'vogarlar sifatida ko‘rilmoqda. Amaldagi prezident Almazbek Atambayev bu galgi saylovlarda ishtirok etmaydi.

Saylovgacha katta kadrlar almashinuvi yuz berishi kuzatildi

Yakshanba kuni o‘tkazilayotgan siyosiy tadbirga bir necha kunlar qolganida, mamlakatda kadrlar almashinuvi ro‘y berdi. Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika saylov shtab boshlig‘i Temir Jumaqodirov 7 oktabr kuni avtohalokatga uchrab halok bo‘ldi.

Nurakmal Nabiyev mamlakat Bosh prokurori o‘rinbosari, Qirg‘izistonda harbiy prokuratura rahbari etib tayinlandi. Shu vaqtgacha Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Nabiyev Nurlan Dyushembiyev o‘rnini egalladi.

Kemin tumanida IIBga yangi boshliq tayinlandi. 1983 yilda tug‘ilgan Nurmat Davletov endilikda ushbu lavozimda ish yuritishi ma'lum bo‘lmoqda. Undan avval, Nurmat Davletov Bishkek shahar IIBBda xodim, Olomudun tumanida boshliq o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Qora-Suu shahriga Qutubek Qozuboyev hokim etib saylandi. Mazkur lavozimga faqat Qozuboyevning nomzodi ilgari surilgandi, Xalq deputatlari Kengashi aynan Qutubekni yoqlab ovoz berdi. Shu davrgacha u davlat bojxona xizmatida faoliyat olib borgan.

Albatta, yangi tayinlovlarning prezidentlik sayloviga ta'sir o‘tkazish darajasi yuqori, deb bo‘lmaydi. Ammo bu voqealar soyasida Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika saylov shtab boshlig‘i Temir Jumaqodirov bevaqt o‘limi qolib ketmoqda. U joriy yilda Hukumat raisining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi. O‘limi oldidan Jumaqodirov xizmat vazifasi bo‘yicha Talosda saylovga tayyorgarlikni tekshirish uchun yo‘l olgandi.

Jeenbekov yoki Babanov: nomzodlarni kim qo‘llamoqda?

​Kleptokratiya ustunlik qilib kelgan Qirg‘izistonni so‘nggi davrda bir muncha o‘zgartirishga harakat qilgan prezident Almazbek Atamboyev prezidentlik saylovida Sooranbay Je​enbekovning nomzodini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlamoqda. Aynan u prezidentning partiyasidan nomzod etib ko‘rsatilgan yagona sotsial-demokrat sanaladi. Prezidentlikka da'vo qilishi vaji bilan Bosh vazirlik lavozimini tark etgan Je​enbekov bundan avval Davlat kadrlar xizmatida direktor bo‘lib ishlagan. 2016 yilda qisqa muddat prezident devonida rahbarning birinchi o‘rinbosari, keyinroq Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan.