O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston va Ozarboyjon misolida Islom birdamligi» xalqaro konferensiyasi qatnashchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezidentning rasmiy saytida e'lon qilindi.

 

Muhtaram xalqaro konferensiya qatnashchilari! 

Hurmatli mehmonlar! 

Sizlarni tabarruk O‘zbekiston zaminida qutlash va o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat xursandman. 

Bugungi anjuman Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, muhtaram Ilhom Geydarovich Aliyevning 2017 yilni Ozarbayjonda Islom birdamligi yili, deb e'lon qilish to‘g‘risidagi tashabbusiga hamohang ekani bilan e'tiborga sazovordir.

Shu munosabat bilan biz O‘zbekistonda do‘st Ozarbayjon Prezidentining tashabbusini yuksak baholashimizni ta'kidlashni istardim. 

Ma'lumki, bizning Vatanimiz ming yillar davomida turli sivilizatsiyalar muloqotga kirishgan va bir-birini to‘ldirgan Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan. Bu zaminda turli madaniyat va din vakillari tinch-totuv va hamjihatlikda yashagan. Musulmon dunyosi taraqqiyotida ulkan rol o‘ynagan xalqimiz mentalitetining asosini tom ma'nodagi bag‘rikenglik, olijanoblik va ezgulik kabi fazilatlar tashkil etadi. 

Movarounnahrning go‘zal va betakror shaharlari, avvalo, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva ko‘p asrlar davomida islom ilm-fani, madaniyati va butun musulmon sivilizatsiyasining markazlari sifatida shuhrat qozongan. Bu saxovatli zamindan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Mo‘'in Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband kabi ko‘plab buyuk alloma va aziz-avliyolar yetishib chiqdi. 

Insoniyat tarixidagi noyob hodisa bo‘lgan musulmon Renessansi ana shu buyuk ajdodlarimizning diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma'no-mazmun kasb etib bormoqda. 

Mamlakatimizda bag‘rikenglik madaniyatini yuksaltirish, millatlar va konfessiyalararo o‘zaro bir-birini tushunish va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi va bunday yondashuv ijobiy natija bermoqda. 

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta konfessiya vakillari tinch-totuv, do‘st-inoq bo‘lib yashamoqda. Ularning to‘laqonli ma'naviy hayot kechirishi, o‘z an'ana va urf-odatlarini rivojlantirishi, milliy va diniy bayramlarini nishonlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.