Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga britaniyalik yozuvchi Kadzuo Ishiguro (ba'zi resurslarda Isiguro yoziladi) sazovor bo‘lganidan so‘ng, har doimgiday, o‘zbek sotsial mediasida «Qachon o‘zbek adibi Nobel oladi?» mavzusi dolzarblik kasb etdi. Muhokamalarning mazmunini takrorlab o‘tirishga hojat yo‘q — har yilgiday, bu safar ham «Nobel uchun pishib qolgan» nomzodlar tilga olindi, ayni paytda nufuzli mukofot «halol» o‘ynalmasligini, faqat «vatanini yomon ko‘radiganlar»ga berilishini, umuman, u ahamiyatsiz va keraksizligini uqtirganlar ham bo‘ldi. Befoyda bahslarni chetlab o‘tib, bu gal Nobel qo‘mitasi juda yaxshi tanlovni amalga oshirganini ta'kidlab o‘tmoqchiman. Mukofot Svetlana Aleksiyevichga o‘xshagan publitsistga, Bob Dilanga o‘xshagan rok ijrochisiga emas, klassik tasavvurdagi yozuvchiga topshirildi. Bundan badiiy ijod ishqibozlari xursand bo‘lsa arziydi.

Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bu safar yozuvchiga berildi

Foto: The New York Times

Ishiguro — xalqaro miqyosda tanilgan ijodkor, o‘z avlodining eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri. Uning asosiy badiiy merosi — o‘nga yaqin romani dunyoning barcha asosiy tillariga tarjima qilingan, shulardan uchtasining negizida Gollivud yulduzlari ishtirokida filmlar suratga olingan. Afsuski, kuzatishlarimga qaraganda, o‘zbek kitobxoni ingliz adibi bilan yaxshi tanish emas ekan. Uning asarlari o‘zbekchaga tarjima qilinmagani bunga sabab bo‘lsa kerak. Agar mutaxassis tarjimonlarda shu kamchilikni to‘ldirish niyati yoxud kitob shinavandalarida uning ijodi bilan tanishish xohishi uyg‘onsa, «Dafn etilgan ro‘dapo» (The Buried Giant) romanidan boshlashni tavsiya etgan bo‘lar edim. Asar ham qiziqarli, sodda tilda yozilgani, ham jiddiy mavzuni olib chiqqani bilan barchaga manzur bo‘lishiga aminman.

Romanda qirol Artur vafotidan keyingi Britaniya qalamga olinadi. Bu afsonalar davrining tugashi, real hayotning boshlanishini ramziy ifodalaydi: rimliklar orolni allaqachon tark etgan, hali ajdarlar bor, ogrlar qishloqlarga hujum qilib turadi, Arturni ko‘rgan ritsarlardan ba'zilari tirik (ulardan biri syujyetda muhim o‘rin egallaydi), lekin odamlarning kundalik hayoti nihoyatda oddiy, ular barchamizga tanish maishiy muammolarga ro‘baro‘ yashaydi. Brittlar bosqinchi sakslar bilan tinch-totuv qo‘shnichilik qiladi, ular orasida ro‘y bergan harbiy mojaro unutilib ketgan.

Bosh qahramonlar — keksa juftlik Aksl va Beatris kommunalistik qoidalar o‘rnatilgan qishloqda sokin turmush kechiradi. Kommunada tegishli tartib hukmron: har bir kishi muayyan ishni bajarib, evaziga ma'lum moddiy qimmatliklarga ega bo‘ladi. Barchaning o‘z o‘rni, vazifasi bor. Qahramonlarimizning jamiyatdagi mavqei u qadar yuqori emas — keksa juftlikka hatto shamdan foydalanishga ruxsat etilmaydi.