O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 oktabr kuni xususiylashtirilgan davlat mulki negizida xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatini yangi sifat darajasiga ko‘tarish, xususiylashtirilgan tadbirkorlik sub'yektlarini samarali qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchici, Bosh vazir o‘rinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlashga qaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. Davlat xizmatlari ko‘rsatishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri zamonaviy interaktiv shakllari joriy etilmoqda. Davlat organlari bilan ishbilarmonlar o‘rtasida tizimli muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishning muhim omili sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni izchil qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishonchli huquqiy kafolatlar tizimi yaratildi. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xususiy mulkchilik va tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan aholi vakillariga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilangan. 

Prezidentimiz viloyatlarga tashrif chog‘ida xususiylashtirilgan korxonalar egalari ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanmayotgani, korxonalarni uzoq muddatli rivojlantirish bilan shug‘ullanmayotgani, ixtisoslashgan ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilmayotgani, mahsulotlar raqobatbardoshligini ta'minlashda muhim ahamiyatga ega zamonaviy texnologiyalar joriy etmayotganini tanqid qildi. 

Mamlakatimizda xususiylashtirilgan korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini soliq, iqtisodiyot va statistika organlari bilan birgalikda muntazam tahlil qilib borish, faoliyat ko‘rsatmayotgan, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni, bo‘sh yotgan va samarasiz foydalanilayotgan obektlar hamda yer uchastkalarini aniqlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.