Jahon | 07:39 / 20.11.2017
7432
2 daqiqa o‘qiladi

Tennis bo‘yicha mavsumning yakuniy musobaqasi g‘olibi ma'lum bo‘ldi

Grigor Dimitrov / Foto: EPA-EFE/NEIL HALL

Bolgariyalik tennischi Grigor Dimitrov Professional tennischilar uyushmasi (ATP)ning yakuniy musobaqasida belgiyalik David Goffenni mag‘lub eta oldi. Londonda o‘tgan musobaqaning mukofot jamg‘armasi 8 mln dollarni tashkil qilgan.

Dunyoning 6-raqamli tennischisi Dimitrov 8-raqamli tennischisi Goffenni 7:5, 4:6, 6:3 hisobida yuta oldi.

Tennischilar o‘zaro oltinchi marta uchrashdilar va bu bahsda Dimitrovning 5 marta qo‘li baland kelgan. Yakuniy musobaqa tarixida finalda ilk bor “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi musobaqalarning finallarida biror marta o‘ynamagan tennischilar uchrashdilar.

26 yoshli bolgariyalik yakuniy musobaqada birinchi marta ishtirok etdi va musobaqa davomida biror marta mag‘lub bo‘lmadi. Ushbu g‘alaba hisobiga bolgariyalik mavsumni ATP reytingida 3-o‘rinda yakunladi. 1- va 2-o‘rinlarni ispaniyalik Rafael Nadal (1) va shveysariyalik Rojyer Federer egallashdi.

Joriy mavsum Dimitrov uchun ancha omadli kechdi: u faoliyatida birinchi marta AQShning Tsintsinnati shahrida o‘tgan “Masters” seriyasiga kiruvchi musobaqa hamda Avstraliyaning Brisbenida va Sofiyada o‘tgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan. Bundan tashqari, sportchi Avstraliya Ochiq chempionatining yarim finaligacha yetib borgan.

Mavzuga oid