Seul shahriga tashrif davomida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» biznes sammitida ishtirok etdi.
Tadbirda Koreya prezidenti Li Je Myon, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon hamda Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Oʻzbekiston yetakchisi biznes sammit ishtirokchilarini samimiy qutlab, «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formati bugun sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Davlat rahbari hamkorlikni mamlakatlar salohiyatining bir-birini toʻldirishi tamoyili asosida yoʻlga qoʻyishni taklif etdi. Bunda koreys kompaniyalari Markaziy Osiyoni 80 milliondan ortiq aholiga, oʻsib borayotgan talabga hamda katta resurs, energetika va inson salohiyatiga ega yagona imkoniyatlar makoni sifatida qabul qilishi muhimligi taʼkidlandi.
Har bir mamlakatning xomashyo bazasidan kelib chiqib, Markaziy Osiyoda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va toʻliq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Masalan, Oʻzbekistonning mineral-xomashyo bazasi kamida 3 trillion dollarga baholanmoqda.
Muhim minerallar sohasida yaqin yillarda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq boʻlgan 120 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Mintaqaning resurs bazasini Koreyaning moliyaviy va texnologik imkoniyatlari bilan birlashtirib, asosiy eʼtiborni xomashyo eksportidan koʻra uni chuqur qayta ishlash va tayyor yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratish taklif etildi.
Qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash muhim yoʻnalish sifatida belgilandi. Mamlakatlarimizga Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini jalb etib, intellektual mulk huquqi bilan himoyalangan yangi mahsulotlarni ishlab chiqish uchun yagona hamkorlik tizimini yaratish taklif qilindi.
Sunʼiy intellektga alohida eʼtibor qaratildi. U besh yil davomida har bir mamlakat iqtisodiyotida kamida 10 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkonini beradi. Shu maqsadda Qoraqalpogʻistonda sunʼiy intellekt data-markazlari uchun keng imtiyozlarga ega hab tashkil etildi. Koreys kompaniyalari ushbu sohaga investitsiya kiritishga taklif qilindi.























