Jahon | 14:21 / 01.12.2017
17301
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada OIV-infeksiyasi eng ko‘p tarqalgan hududlar va u yerda yashovchi migrantlar soni aytildi

Rossiyada OIV-infeksiyasi bilan kasallangan eng ko‘p insonlar Irkutsk viloyatida yashaydi, bu yerda har 100 ming aholiga ushbu tashxis bilan yashovchi 1,7 ming kishi to‘g‘ri keladi. Bu haqda Rospotrebnadzor huzuridagi OITS Federal markazi hisobotida aytiladi, u RBK tomonidan taqdim etilgan. 

Irkutskda 68,4 mingdan ko‘proq migrantlar bor. Ularning 22,5 ming nafari O‘zbekistondan, 8,5 ming – Tojikiston, 4 ming – Qirg‘iziston.

Shuningdek, kasallik qayd etilgan holatlar bo‘yicha «yetakchilar» orasida – Sverdlovsk, Kemerovo, Samara va Tyumen viloyatlari.

Sverdlovsk viloyati Rossiyaning Markaziy Osiyodan mehnat migrantlari uchun eng o‘ziga jalb qiluvchi 5 mintaqasidan biri sanaladi. Xabar qilinishicha, 2015 yilda Sverdlovsk viloyati hududiga qariyb 144 ming xorijlik kelgan.

Ulardan 52,5 ming – Tojikiston fuqarolari, 33,1 ming – Qirg‘iziston, 14,3 ming – O‘zbekiston.

Samara viloyatida Markaziy Osiyodan 210 ming migrantlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ulardan 65,8 ming – O‘zbekiston, 39,5 ming – Tojikiston, 16,1 ming – Qirg‘iziston fuqarolari.

Tyumen viloyatida hammasi bo‘lib 58,6 ming migrant bor: Tojikistondan - 17,7 ming, O‘zbekistondan – 15,9 ming, Qozog‘istondan – 6,5 ming, va Qirg‘izistondan – 6 ming.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 1 noyabr holatiga ko‘ra 924,6 ming rossiyalik OIV-infeksiya bilan yashaydi. 2017 yilning o‘n oyi davomida 79 mingta yangi kasallanish holati qayd etildi. 2017 yilda kasallanish ko‘rsatkichi bo‘yicha Kemerovo viloyati (100 ming aholiga 174,5 ta yangi OIV-infeksiyasi qayd etilgan), Irkutsk (134), Sverdlovsk (128,1) viloyati «yetakchi».

Rossiyada yil boshidan beri 24,7 ming kasallangan inson hayotdan ko‘z yumdi, bu 2016 yilning shu davriga nisbatan 8,2 foizga ko‘proq.

BMTning OIV/OITS bo‘yicha Birlashgan dasturining (YuNEYDS) Sharqiy Yevropa va Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Viney Saldananing RBK’ga xabar berishicha, jahonda hammasi bo‘lib taxminan 37 million kishi OIV bilan yashaydi. Ulardan 21 millioni maxsus terapiyani qabul qiladi, u virusga rivojlanishga imkon bermaydi hamda bunday odamlarni atrofdagilar uchun xavfsiz qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralar «Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodan tashqari, jahonning deyarli barcha mintaqalarida OIV bilan kasallanishning yangi holatlari paydo bo‘lishini pasaytirish» imkonini berdi. Saldananing ta'kidlashicha, 2010 yildan beri jahonning bu qismlarida har yili OIV bilan kasallanish va OITSdan vafot etish holatlari ko‘payib bormoqda.

Saldananing aytishicha, Rossiyada 30-39 yoshlar oralig‘idagi taxminan 2 foiz kattalar OIV tashxisi bilan yashaydi. «Bu mehnatga layoqatli yosh o‘rtasida tarqalishning juda katta foizi, aslida ularning soni bundan ham ko‘p, sababi ko‘plar o‘zi kasallangani haqida bilmaydi», - deya ta'kidlab o‘tdi u. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada taxminan 900 ming kishi OIV bilan yashaydi, ularning faqatgina uchdan bir qismi dori-darmonlar qabul qilish imkoniyatiga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid