O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni imzolandi. 

"Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, tarmoqni kompleks modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, zamonaviy innovatsion ishlanmalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish kabi dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. 

O‘z navbatida, bugungi kunda agrar sohada erkin bozor munosabatlarini joriy etish, ta'lim, fan va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini integratsiyalash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, tizimni yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda", deyilgan farmon matnida. 

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib, xalqimizning rizq-ro‘zi va farovonligini, yurtimizning iqtisodiy qudratini va eksport salohiyatini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, agrar sektorda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va davlat dasturlari ijrosini ta'minlash, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlangan: 
 

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor»

Xaydarova Zaynab - Narpay tumanidagi «Mehnat-rohat» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Samarqand viloyati 
 

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi»

Axmedov Muxamad Ismatovich - Buxoro tumanidagi «Madaniyat Muhammad Ismat» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Buxoro viloyati 
 

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator» 

Raximov Botir - «Amu-Qashqadaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i, Qashqadaryo viloyati 

Xamrayev Shavkat Raximovich - O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari