Bugun, 14 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida O‘zbekiston futbol federatsiyasining 2017 yildagi faoliyati yakunlari va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Bu yilgi taqdirlash marosimi avvalgi yillardagiga qaraganda boshqacha formatda o‘tkazildi.




O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, O‘zbekiston futbol federatsiyasi raisi Umid Ahmadjonov va boshqalar mamlakatimizda futbolni rivojlantirish, yoshlarning futbol bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratishga doimiy e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.






So‘nggi yillarda O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishning mustahkam poydevori, yaxlit tizimi yaratilgani qayd etildi. O‘zbekistonning barcha hududlarida futbol infratuzilmasini yaratish, yangi stadionlar, bolalar va o‘smirlar sport maktablarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, turli musobaqa va turnirlarni muntazam tashkil etish orqali yosh iqtidor egalarini aniqlash va terma jamoalar zaxirasini boyitish, milliy, yoshlar, o‘smirlar terma jamoalarining xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va nufuzli turnirlarda munosib ishtirokini ta'minlash, murabbiy va hakamlarning malakasini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani e'tirof etildi.






































