Yil davomida o‘zini ko‘rsata olgan futbolchi va murabbiylar bilan bir qatorda rasmiylar ham maxsus sovrinlar bilan taqdirlandi. «Paxtakor» klubi va O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov O‘zbekistonda 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi sifatida ortiqcha deb topilgan bo‘lsa, «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi murabbiyiga aylandi.

Yil laureatlarini taqdirlash marosimidan keyin bir qator sovrindorlar va nomzodlar hamda rasmiylar Kun.uz va Tribuna.uz muxbiri savollariga javob qaytarishdi.

Eldor Shomurodov: «Mendan ko‘ra, Jaloliddin Masharipov sovringa haqli edi»

O‘FA taqdirlash marosimiga Italiyadan yetib kelgan O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Jyenoa» klubi forvardi Eldor Shomurodov ham «yil futbolchisi» nomiga yakuniy da'vogarlar qatoridan o‘rin olgandi. Tadbirdan keyin dastlab bu safar sovrinsiz qolgan Eldorni savolga tutdik.

«Avvalambor, barchani kelayotgan bayram bilan tabriklayman. Bu yil eng yaxshi bo‘lishni kutganmidim? To‘g‘risi, mendan ko‘ra, Jaloliddin Masharipov yilning eng yaxshi futbolchisi sovriniga munosib edi va haqli g‘alaba qozondi.

- Bu sovrinni yutish uchun sizga nima xalaqit berdi?

- Fikrimcha, mavsumni bir tekisda o‘tkaza olmaganim uchun sovringa haqli bo‘lmadim.

- Italiyadagi faoliyatingizdan qoniqyapsizmi? «Jyenoa»da murabbiyning almashinuvi sizga qanday ta'sir qilyapti?

- Hozircha hammasi yaxshi. Bosh murabbiy o‘zgarishining hech qanday yomon ta'siri yo‘q, hammasi joyida. Italiyaga qaytganimdan keyin yana asosiy tarkibdagi o‘rnim uchun kurashishda davom etaman.

Ro‘ziqul Berdiyev: «Nasaf»ning yoshlarga tayangan siyosati to‘g‘ri ekanligiga bugun amin bo‘ldim»

O‘FA taqdirlash marosimida «O‘zbekistonning 2020 yildagi eng yaxshi murabbiyi» nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan Qarshining «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev muxbirimiz bilan suhbatda quvonchini yashirmadi.

- Bugungi marosimdan juda ham xursandman, chunki jamoam ko‘p sovringa ega chiqdi. Ayniqsa, yosh o‘yinchilarim bugungi e'tiroflarga loyiq edilar, deb o‘ylayman. Shu bois bundan juda ham xursandman. Klubning yoshlarga ishonch bildirish siyosati to‘g‘ri ekanligiga bugun yana bir karra amin bo‘ldim. Chunki yoshlar bilan Superligada 2-o‘rinni olganimizga va ularning o‘sishiga bizning ham hissamiz borligi xursand qiladi.