Insonning ulug‘ligi nimada? Boyligidami, bilimidami, kuchida yoki amalidami? Kimdir bu tanlovlardan birini tanlab, mana shu narsasi bor odam ulug‘, deyishi mumkin. Ammo nazdimizda insonlarning eng ulug‘i sabr sohibidir.
Musibat manzil tanlamaydi, musibat inson tanlamaydi. U aytilgan vaqtda, ko‘rsatilgan manzilga, yuborilgan odamga tushadi. Hayotning bu qora kunlariga sabr qilgan inson bor-ki, ikki dunyo saodatiga erishadi. Zero Alloh taolo o‘zining muqaddas va so‘nggi kitobi bo‘lmish Qur'oni karimda marhamat qilib shunday deydi: “Sabr va namozdan foydalaninglar!”. Ya'ni, sabr qiling, ana shunda barcha mushkullar oson bo‘ladi.
Toshkentda kichik bir kulba bor. Tepasiga “Kserokopiya” deb yozib qo‘yilgan. Unda uch-to‘rt xil kanselyariya mahsuloti sotiladi, nusxa ko‘chirish xizmati ko‘rsatiladi. Do‘kon ichida esa olam-olam musibatga tog‘dek sabr ila kunini-yu tunini o‘tkazayotgan inson yashaydi. Bu joy uning ham uyi, ham do‘koni, ham sabri, ham jamilidir...
Boshiga og‘ir musibat tushib, ikkala oyog‘idan ayrilgan, uy-joyi yo‘qligi sabab mana shu katalakdek joydan qo‘nim topgan Murodjon Saidmahmudov o‘zi haqida gapirar ekan shunday deydi:
“2017 yilning yanvar oyida oyog‘im o‘z-o‘zidan og‘rishni boshladi. Keyin tez yordam chaqirdim. Ular avvaliga og‘riq qoldiradigan ukol qilishdi, og‘riqlar to‘xtamagach, maz surting deyishdi. Shunda ham dardim yengillashmadi. Do‘stlarim kelib, bularning barchasi nervdan deb, nevrologiyaga yotqizishdi. U yerda bir haftacha yotdim. U yerda “siz tuzalmadiz”, deb chiqarib yuborishmoqchi bo‘lishdi. Shunda shifokorlardan biri oyoqlarimni ko‘rar ekan, tomirlarimda qon qotib qolganini, agar oyoqlar 72 soat ichida kesilmasa, nobud bo‘lishim haqida aytib qoldi. Rozi bo‘ldim. Yangi ToshMIga olib borishdi va dastlab o‘ng oyog‘imni, so‘ngra chap oyog‘imni kesishdi.
Uy-joyim yo‘qligi uchun, qolaversa, kesilgan oyog‘imning yaralari bitib olsin, degan maqsadda shifokorlardan o‘sha yerda ozgincha yotib turishni iltimos qildim va u yerda bir yarim oy yotib, davolandim”.
Murodjon akaning ma'lum qilishicha, uning Hotamjon ismli qo‘shnisi bor. Qo‘shnining ikki bolasi Murodjon akadan har kun ikki mahal xabar olib turadi. Do‘konning ichini tozalab, issiq choy va ovqat olib chiqishadi. Xo‘sh, Murodjon Saidmahmudovning oila a'zolari, yaqin qarindoshlari va do‘stu-birodarlari yo‘qmi?
“Rafiqam bilan qonuniy ajrashmaganman. Boshimga shunday ish tushgach, uy-joyim bo‘lmagani uchun u o‘z uyiga ketib qoldi. O‘rtamizda hech qanday yomon munosabat bo‘lmagan, ammo holimdan xabar olmaydi. Qarindosh urug‘larim bor, ular ham har zamonda bir telefon orqali gaplashib turishadi. Pulim ko‘p payti yon atrofimda girdikapalak bo‘lgan do‘stlarimdan ikkitasi qoldi, qolgani qo‘ng‘iroq qilsam ham ko‘tarmaydi. Vaqtida ularga juda ko‘p moddiy yordam ko‘rsatganman, bayramlarda hol-ahvol so‘raganman, boshiga og‘ir kun tushganida yonida bo‘lganman. Ammo... Ammo boshimga mana shunday musibat tushganida ulardan birortasi ham yonimda qolmadi...”.
Ko‘zlarida yosh ila, ichidagi hasratini to‘kib solayotgan bu insonning so‘zlarini eshitar ekanmiz, uning insoniy axloq-odobga rioya etayotganini bildik. Chunki u suhbat davomida biror marta ham bo‘lsin qarindosh-urug‘ini yomonlamadi, ularning ortidan malomat qilmadi.
“Arab, turk, ingliz va rus tillarini bilaman. Alloh quvvat berguncha Qur'onning olti porasini yod tushirdim. Bularning bari, albatta, o‘zim uchun. Dubayda va Turkiyada tarjimon bo‘lib ishlaganman. Inson ertangi hayoti nimadan iborat ekanligini bilmas ekan. Hech qachon... Uning ojizligi ham mana shunda. Boshimda shunday og‘ir musibat bor ekan, shu yerlarda yuribman. Men erkak kishiman. Hali o‘zim uy solib, tadbirkorlik qilish niyatim bor. Uy olish uchun bo‘sh yerlarni so‘rab, xat-hujjat tayyorlab, Toshkent viloyati hokimligiga chiqsam, hokim u yerning sotilmasligini, u yerda qurilish mumkin emasligini aytdi. Ikki marta ham shunday javob oldim. Bir safar o‘sha yerlar yonidan o‘tsam, birida uy, boshqasida to‘yxona qurilayotgan ekan. O‘zimam hayron qoldim (kuladi). Hozir yana bir ishni boshlash arafasidaman. Bu yaqin o‘rtada non va non mahsulotlari tayyorlaydigan joy yo‘q ekan. Shunga hujjatlar tayyorlaganman, tadbirkorlik qilish maqsadida yer va qurilishga yordam so‘rab, hokimiyatga murojaat qilaman, deb turibman”.
U shunday deya yana sukutda qoladi. Ko‘zlarida yosh miltillaydi. Oyoqlari yodiga tushadimi, mahzun bo‘ladi. Erkak kishi yig‘lamasin ekan. Erkak kishi mahzun bo‘lmasin ekan. Xuddi borliq bo‘shliqda qolganday, suyangan tog‘lar yo‘qolganday, qalblar bo‘shab qolganday bo‘lar ekan. Ko‘zidagi yoshlarini tiya olmay, yurakdagi g‘uborini to‘kib solayotgan Murodjon akaning so‘zlarini eshitar ekanmiz, ich-ichimizdan o‘zimizga dedik: “Sen ham inson bo‘ldingmi? Doim nolib yurguvchi, malomat qilguvchi, noshukrlik qiluvchi, Alloh bergan ne'matlarni ko‘rmayotgan, shuncha boylikka ega bo‘lib, kambag‘allikni da'vo qiladigan sen ham insonmisan?..”.
Ha, biz o‘ta noshukr bo‘lib qoldik. Bu Allohga isyon degani emasmi? Tanamiz but, issiqqina uyimiz, yeyishga taomimiz, yonimizda yaqinlarimiz bor, ammo biz baribir malomat qilaveramiz. Holbuki, bu dunyoda Murodjon akadek shafqatsiz qismatga ega, ammo tili va dilidan shukr tushmaydigan, yorug‘ kunlardan umidini uzmagan va yaxshilar ko‘magiga tashna inson bor. O‘rnak olsak, arzimaydimi?!
Azizlar, Murodjon akaning oyoqlari uchun protez zarur. Bu insonga moddiy yordam beraylik. Uning niyati amalga oshishiga sababchi bo‘laylik. Zero, sizu bizni Alloh bu ishga qodir qilib qo‘ygan.
Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun qo‘shimcha ma'lumotlar:
Plastik karta orqali (CLICK, PAYME): 8600 0417 2017 8418 “Agrobank”
Xayriya qilmoqchi bo‘lgan tashkilot va kompaniyalar uchun:
Toshkent shahar "Agrobank" ATB Toshkent shahar filiali
MFO: 00394
Hisob raqam: 2312 0000 9000 0039 4001 (SPKlarga o‘tkazish uchun boshqa maqsadli kelib tushgan mablag‘lar tranziti)
INN: 201 200 124
To‘lov: SAITMAGMUDOV MUROTJON 8600 0417 2017 8418 SPKsiga kirim (moddiy yordam) qilish uchun o‘tkazildi
YouTube'da ko‘rish
Mover.uz'da ko‘rish










