Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilbar Najmiddinovaning aytishicha, birinchi ish kunida shahardagi 514 ta mahallalar tomonidan berilgan ro‘yxat asosida 2000 ga yaqin oila ro‘yxati shakllantirilgan. Markazning birinchi kunida shaharning 11 tumanidagi 770 oilaga kundalik eng zarur bo‘lgan oziq-ovqat (tovuq go‘shti, un, guruch, kartoshka, piyoz, shakar, yog‘, makaron) mahsulotlari yetkazib berilgan. Bunda 100 nafar ko‘ngillilar bevosita qatnashgan. 

Ehtiyojmandlar qanday aniqlanadi?

Mahalla raislari va o‘rinbosari tomonidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon mahsulotlariga ehtiyoj sezib, ularni xarid qilishga qiynalayotgan yolg‘iz keksalar, kam ta'minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bor fuqarolar ro‘yxati shakllantirilgan.

Toshkent shahrida vaqtincha yashayotgan fuqarolarga ham yordam ko‘rsatiladimi?

 

Albatta, avvalambor, shunday fuqarolarga ham. 1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Toshkent shahrida istiqomat qilib turgan manzilini bildirsa, uzog‘i 2 kunda ularga mahsulotlar yetkaziladi. Yosh bolali yordamga muhtoj oilalarga tagliklar, bolalar bo‘tqalari ham yetkazib berish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, niqoblar, antiseptik vositalar, rezina qo‘lqoplar bilan ham ta'minlash mumkin bo‘ladi. 

Koll-markazning ko‘ngilli operatori sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan «Ko‘ngilli shifokorlar» tashkiloti koordinatori Kamola Safarovaning aytishicha, yordamga ehtiyojmand fuqarolar markaz huzurida tashkil etilgan 1197 raqamli call-markaziga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z murojaatlarini qoldirishlari mumkin. Ular maxsus dasturda qayd etiladi, kun yakunida jamlangan holda tumanlar va murojaatlar mazmuni bo‘yicha saralanadi. Safarovaning so‘zlariga ko‘ra, har bir operator bir kunda kamida 30 nafar fuqaro murojaatini qabul qilmoqda, ayrim hollarda ularning soni 70 nafarni tashkil etmoqda. 

Markaz hukumat, hokimlik va homiylar mablag‘lari hamda ko‘magi asosida kelib tushgan murojaatlarni qanoatlantirib boradi.