O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 dekabr kuni kimyo sanoati korxonalarining bugungi moliyaviy-iqtisodiy holati va sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq 2017 yil kimyo sanoati sohasida qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 apreldagi “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mazkur aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi a'zolari to‘liq yangidan tayinlanib, kimyo sanoati tarmoqlari va boshqaruv apparati tuzilmalari qaytadan shakllantirildi.
Davlat rahbarining joriy yil 23 avgustdagi qarori asosida 2017-2021 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Unda umumiy qiymati 3,1 milliard dollarga teng 43ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, sanoat mahsulotlari hajmini 2,4 marta, eksportni 2,7 barobar oshirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ulushini 42,5 foizga yetkazish hamda 43ta yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, 3,2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan. Tarmoqning eksport-import faoliyatini tartibga solish, tashqi savdo jarayonlari shaffofligini ta'minlash, eng asosiysi, tashqi bozorlarda kimyo mahsulotlarini sotish hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirish, raqobatbardosh va jozibadorligini yanada oshirishni ta'minlash maqsadida “O‘zkimyoimpeks” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Albatta, amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar kimyo sanoatida ham ijobiy natijalar bermoqda. Lekin tarmoqda uzoq yillar davomida saqlanib kelgan tizimli muammolar hanuzgacha o‘z yechimini topgani yo‘q. Masalan, mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan.
Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishga umuman e'tibor berilmagani yoki masalaga yuzaki yondashilgani ushbu sohadagi o‘zaro hisob-kitoblar tizimida nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda, dedi Prezidentimiz.
Qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan mineral o‘g‘itlar bilan bog‘liq xarajatlar qoplanmayapti. Natijada kimyo korxonalarining ishlab chiqarishga sarflangan tabiiy gaz, elektr energiyasi, fosforit xomashyosi, oltingugurt kislotasi va boshqa turdagi tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish borasidagi imkoniyatlari cheklanib, kreditor qarzdorlik o‘sib ketmoqda.
Shu munosabat bilan 2018 yildan boshlab, iste'molchilarga mineral o‘g‘it yetkazib berish “O‘zkimyosanoat” AJ huzurida tashkil qilinadigan “Yagona agent” vositachiligida birja savdolari orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.















