O‘zbekiston | 00:05 / 11.01.2018
39020
2 daqiqa o‘qiladi

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlar 15 sutkaga qamalishi mumkin

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘RQ-459-son Qonuni imzolandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining Telegram mesenjyeridagi «Huquqiy axborot» kanali — @huquqiyaxborot

Qonun bilan aliment olish huquqiga ega shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta'minlaydigan bir qator o‘zgartishlar kiritildi.

Endilikda:

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun 15 sutkaga ma'muriy qamoq tariqasidagi ma'muriy javobgarlik belgilanadi.

Mazkur qoida alimentlarning tezroq to‘lanishi va qarzdor tomonidan ularni to‘lash muddatini Jinoyat kodeksining 122- va 123-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi belgilari paydo bo‘lgunga qadar cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kiritildi.

Aliment to‘lashga majbur shaxslarni Jinoyat kodeksining 122- va 123-moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortishga asos bo‘ladigan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash muddati uch oydan ikki oyga kamaytirildi.

Mazkur qoida aliment olishga ehtiyoji bo‘lgan bolalarning huquqlarini himoya qilish hamda ta'minlashdan bo‘yin tovlaydigan shaxslarning qarzdorligi ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kiritildi.

Jinoyat kodeksining 122- va 123-moddalari sanksiyalaridan jarima va majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazolar chiqarilmoqda.

Mazkur o‘zgartirish jarima va majburiy jamoat ishlari voyaga yetmaganlar va mehnatga layoqatsiz shaxslarning moddiy ta'minoti darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganligi, shuningdek qarzdorning aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘lov qobiliyatini kamaytirishi mumkinligi tufayli kiritildi.

Mavzuga oid