Xabaringiz bor, nusxa ko‘chirish xizmati bilan kun ko‘ruvchi, ikki oyog‘idan ayrilib qolgan Murodjon Saidmahmudov haqda lavha e’lon qilib, xayriya aksiyasi uyushtirgan edik. Yaratganning xohish irodasi va yaxshi insonlarning ko‘magida ushbu xayriya aksiyasida tushgan mablag‘lar evaziga Murodjon ayni kunlarda Turkiya davlatida bo‘lib, davolanish kurslarini o‘tamoqda. Safar oldidan Murodjon bilan suhbatlashdik, taassurotlari haqida o‘rtoqlashdik.

U kishi bilan ko‘rishganimizda ilk bor ko‘rgan insonimiz o‘rnida, mutlaq boshqacha, ko‘tarinki kayfiyatli, ko‘zlari yonib turgan Murodjonni ko‘rdik. U o‘zidagi bu holatni quyidagicha izohladi.

- Ushbu xayriya aksiyasi uyushtirilgach, nafaqat O‘zbekistondan, balki butun dunyodan qo‘ng‘iroq qilishdi. Hamma hol-ahvol so‘radi, yonimga kelishdi. Yolg‘on bo‘masin, do‘stlarim soni 200 dan oshdi. Ular doim xabar olib turishdi. Nonushtaga bir yo‘qlashsa, tushda bir, kechki taomlarni ham olib kelib turishdi.

Turkiyalik shifokorlar bilan muzokaralar olib borildi. Hayotga bo‘lgan qarashim o‘zgardi. U yerdan sog‘lom bo‘lib qaytsam, tadbirkorlik qilib, o‘zimga o‘xshagan nogironlarni ish bilan ta’minlayman, ularning ham hayotga boshqacha ko‘z bilan qarashlariga sababchi bo‘laman. Inson Allohga tavakkal qilib, faqat va faqat harakat qilishi zarur ekan, - deya dilidagilarni izhor etdi Murodjon.

U xayriyada ishtirok etib, moddiy va ma’naviy yordam bergan insonlardan mingdan ming rozi. Doim ular haqida duoda ekanligini qayta-qayta takrorladi.

Yuqorida ma’lum qilganimizdek, Murodjon Saidmahmudov ayni kunlarda Turkiyaning Anqara shahrida. Vaznni kamaytirish bo‘yicha bir necha tibbiy amaliyotlarni o‘tmoqda. Chunki u so‘nggi bir yil ichida jismoniy holatidan kelib chiqib, ortiqcha vazn to‘plagan. Shifokorlarning ma’lum qilishicha, ortiqcha vaznda qo‘yilgan protezlar uzoqqa chidamas ekan. Shu maqsadda avval vaznni kamaytirish bo‘yicha davolash kurslarini boshladi. Nasib qilsa, 1-2 oy ichida oyoqlarga protez qo‘yilsa bo‘ladi, deb ma’lum qilgan shifokorlar.

Murodjon yaqin 1-2 oy ichida poytaxt Anqara shahrida bo‘lib turishni reja qilgan, moddiy, ma’naviy va ruhiy qo‘llab-quvvatlashni istaganlar, xususan, Turkiyadagi vatandoshlar uchun Murodjon Saidmahmudov bilan bog‘lanish raqami: +90 536 648 77 83.