16:40 / 08.02.2018
12865

Boshqa davlatlarga yo‘l olgan xorijliklar endi uch kungacha O‘zbekistonda qolib sayohat qilishi mumkin

Foto: Xalqaro press klub

Tadqiqotlar natijasida ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston aeroportlari orqali yiliga 25-30 minggacha Isroil fuqarolari tranzit bilan Osiyo davlatlariga o‘tishgan. Biroq bularning atigi 2 ming nafari O‘zbekistonda qolib, sayohat qilgan, deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Xalqaro Press-klub tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda. 

Yuqorida keltirilgan ma'lumot faqat bir davlat fuqarolari bo‘yicha. Bundan tashqari yana qanchadan-qancha sayyohlarni shu tariqa "boy beramiz". Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu juda katta bozorning yo‘qotilishi hisoblanadi. 

Sayyohlar oqimini yo‘qotmaslik uchun Prezident «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. 

2018 yilning 1 mayidan boshlab chet el fuqarolariga qisqa muddatli tranzit vizalari beriladigan bo‘ldi. Bunday vizalar O‘zbekistonda to‘xtagan yo‘lovchilar qisqa muddatga aeroport zonasidan chiqib, tasdiqlangan turistik dasturlar asosida nazoratli tanishuv turini o‘tkazishini ta'minlaydi.

Xorijliklar endi bemalol O‘zbekistonda uch kungacha (72 soatgacha) qolib, sayohat qilishi mumkin. Ular uchun oldindan tayyorlangan avtobus yordamida sayohat tashkil qilinadi. 

Vazirlar Mahkamasi ikki oy ichida ushbu yangilikni amalda joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilmoqda. Xususan, fuqarolariga shunday vizalar beriladigan davlatlar ro‘yxati tuzib chiqiladi. Bunday vizalar olishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchilar aviachiptalarini ko‘rsatishi, shuningdek, ular uchinchi davlatga vizaga ega bo‘lishi talab etiladi. Bundan tashqari, ular konsullik yig‘imlarini to‘lashi kerak.

Mazkur hujjat respublikaga turistlar oqimini ko‘paytirish, kirish turizmini milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.

Top