Sport | 00:30 / 07.03.2018
8466
2 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi vazirni ahmoq deb atadi

«Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi, ayni vaqtda televideniyeda ekspert bo‘lib ishlayotgan Gari Nevill mamlakat tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning Angliya milliy terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionatini boykot qilishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga keskin munosabat bildirdi.

«U kaltafahm ahmoq! Bu yerda futbolni aralashtirishdan nima ma'no?!» — deya yozgan Nevill o‘z tvitterida.

Bundan avvalroq Jonson Rossiya davlat razvedka boshqarmasi sobiq xodimi Sergey Skripalning Angliyaning Solsberi shahrida zaharlangani haqidagi xabarlardan keyin Angliya termasi Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etmasligi mumkinligi haqida aytgandi.

Skripal Rossiya tomonidan Buyuk Britaniya foydasiga josuslikda ayblangan va 2006 yilda davlat xoini sifatida sudlangan edi.

«Bu voqea yuz berganidan so‘ng, Buyuk Britaniyaning jahon chempionatida ishtirok etishini tasavvur qilolmayapman» - degan Jonson.

Eslatib o‘tamiz, 66 yoshli Skripal va uning qizi Yuliya o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. Ularning ahvoli o‘ta og‘ir darajada ekani aytilmoqda. Tergovchilar ma'lumotiga ko‘ra, juftlik Zizzi restoranida ovqatlanganidan so‘ng, mahalliy savdo markazlaridan biridan og‘ir ahvolda topilgan. Ularning ovqatiga kuchli narkotik analgetik - fentanil qo‘shib berilgan bo‘lishi mumkin.

Keyinroq Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi vakillari tashkilot rahbarining JCh-2018 o‘yinlarini boykot qilish haqidagi so‘zlari futbolchilarga emas, balki amaldorlarga taalluqli ekani haqida bayonot berdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid