Jamiyat | 16:55 / 06.04.2018
49180
2 daqiqa o‘qiladi

MY5 telekanalida ko‘rsatilgan qiz o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi

Foto: Videodan kadr

«MY5» («Mening yurtim») telekanalida 1 aprel kuni efirga berilgan «Yashirin kamera» dasturida telekanal jurnalisti sayyor kamera hamrohligida Toshkent shahridagi parklarni aylanib, sevishgan juftliklarni topib, ularni jamoat joyida odob-axloq qoidalariga rioya etishga chaqirgan edi.

Shundan so‘ng ba'zi elektron OAVda ushbu dasturda yuzi yashirilgan holda ko‘rsatilgan qizlardan biri o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqatildi. Xabarda «qiz tinchlantirish uchun iste'mol qilinadigan «Dimedrol» dori vositasidan ko‘p miqdorda ichgan. Oradan ko‘p o‘tmay u 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan», - deyilgan.

Ibn Sino nomidagi 1-sonli shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari Gulchehra Jalilovaning ma'lum qilishicha, so‘nggi paytlarda bunday holat umuman qayd etilmagan. 

Shuningdek, «Mening yurtim» telekanali xodimlari ham 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga borishgan. U yerda bu borada tarqatilgan ma'lumot yolg‘on axborot ekanligi aniqlangan.

Shu tariqa, ba'zi elektron OAVning bu borada tarqatgan xabari yolg‘on ekani, hech kim o‘z joniga qasd qilmagani ma'lum bo‘ldi.

Mavzuga oid