​Mintaqalarga investorlarni qanday qilib jalb etish mumkin va ular uchun qanday shart-sharoitlar yaratish zarur? Moliya tuzilmalariga bo‘lgan ishonch darajasini qanday qilib oshirish kerak? Bu jarayonda mahalliy davlat hokimiyati organlarining roli qanday?

«Iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va mamlakat mintaqalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish: mavjud muammolar hamda ularning yechimlari»​ mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari shu va boshqa masalalarga javob izladi.

Joriy yilning 12 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjumanda manfaatdor vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari mutasaddilari, erkin iqtisodiy zonalar rahbarlari, shuningdek 31 ta xorijiy mamlakat vakillari, shu jumladan diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilotlar va biznes tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashga, joylarda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qonunlar, farmonlar va qarorlar qabul qilindi hamda ular ijroga yo‘naltirilmoqda. Olib borilayotgan islohotlar tadbirkorlik faoliyatini yuritish, ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish, litsenziyalar olish bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirishga, umuman olganda, davlat tomonidan boshqaruvni kamaytirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqarishning yangi turlarini yaratish, ish o‘rinlarini tashkil etish borasida hokimlarning, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining faolligini oshirish zarurligi haqida so‘z yuritilgan edi. Sarmoyadorlar uchun joylarda yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha reytingni e'lon qilib borish, hududlar rahbarlarining faoliyatini mazkur ko‘rsatkichlar asosida baholash taklif etilgan edi.

Bularning barchasi, pirovardida, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlariga va hududlariga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni yanada rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan birini bajarish, ya'ni investitsiya muhitini yaxshilash orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, mazkur ustuvor vazifaning bajarilishi BMTning barqaror iqtisodiy o‘sishni, yangi ish o‘rinlari tashkil etishni va O‘zbekiston aholisining turmushini yaxshilashni nazarda tutuvchi Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish imkonini beradi.

Ma'lumki, qulay investitsiya muhitini yaratish jarayoni amaliyotdagi dolzarb muammolarni aniqlashdan boshlanadi. Aynan shu maqsadda 2018 yil 25 mart – 5 aprel kunlari Oliy Majlis Senati tomonidan Savdo-sanoat palatasi va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahalliy hokimiyat organlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari vakillari, shuningdek tadbirkorlar orasida O‘zbekiston Respublikasi mintaqalari kesimida tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlari to‘g‘risida so‘rov o‘tkazildi. So‘rov natijalari konferensiya mobaynida namoyish etildi.