Katta yoşli muxlislarimiz «ilgari bu yapon deganini yirik hisobda yutib yurardik» degan gaplarni köp aytişadi, yerga qarab eşitgan bölsam-da, içimda «yöğ-ye» deb qöyardim. Şuni bir tekşirib qöyiş maqsadida taniqli futbol jurnalisti Vladimir Safarovning «Paxtakor»ning 40 yilligiga bağişlanib yozilgan «Paxtakor»: Matç dlinoyu v 40 let» nomli kitobini varaqlab ötirib, barçamiz uçun sevimli jamoa tarixidan joy olgan uçta voqea e'tiborimni tortdi va ança ta'sirlantirdi. Şuni sizlarga ham ilindim.

(Darvoqe, haqiqatdan ham Yaponiya terma jamoasini nuqul yutgan ekanmiz. 1960 yilning kuzida 6:1, 1963 yilning avgustida 1:0, 1976 yilning iyulida 3:1 hisoblarida. Siz ham dalil uçun biror joyga qayd qilib qöying, kelajak avlod «içida gapirib» ötirmaydi, oğzingizdan çiqmasdanoq, yoqangizga yopiştirişi, hatto jinniga çiqarib qöyişi ham mumkin)    

ZeZe MOReYRA BOŞ EGADI!

1964 yilda Urugvayning 20 karra çempioni, Montevideoning «Nasional» jamoasi Yevropa böylab turne uyuştiradi. Toşkentga keliş oldidan urugvayliklar Şvetsiyada «Gyoterborg»ni 2:1 hisobida, Avstriyada Dornbirk terma jamoasi, Germaniyada Augsburg şahri vakillari va Belgiyada «Lej»ni bir xil – 3:1 hisobida mağlubiyatga uçratadi.  Şuningdek «Nyurnberg», «Torino» kabi jamoalar bilan durang natija qayd etişadi. Moskvada «Spartak» bilan 0:0, Kiyevda «Dinamo» va Olma-otada «Qayrat» bilan ötgan uçraşuvlar mos ravişda 2:0 va 1:0 hisobida mehmonlar foydasiga yakun topadi. Xullas töqqizta uçraşuvda mağlubiyat nimaligini bilmagan Lotin Amerikasi çarm töp ustalari Toşkentda sönggi uçraşuvlarini «Paxtakor»ga qarşi ötkazişgandi.

Uşbu uçraşuv Özbekistonda juda katta qiziqiş bilan qarşi olindi. Nafaqat poytaxt, boşqa şaharlardan, hatto qöşni respublikalardan ham muxlislar oqib kela boşladi. Qiziqiş şu darajada ediki, çipta yetmay stadion taşqarisida qolib ketgan minglab aşaddiy futbol muxlislari öyin oxirigaça qaytib ketişmagan, stadiondan kelayotgan şovqin-u olqişlarga qarab maydonda bölayotgan xodisalardan xabar topişga harakat qilişardi.

Şu örinda barçamiz uçun sevimli «Yor-yor» filmida buyuk aktyorlar Soyib Xöjayev va Ğani A'zamovlar iştirokidagi stadion sahnasi aynan öşa uçraşuv asosida tasvirga olinganligini ta'kidlaşni istardim.

Mehmonlarning ustozi futbol olamida Zeze nomi bilan maşhur bölgan braziliyalik Alfredo Moreyra edi. Uning futbolçilik faoliyati unçalik ham yorqin keçmagan bölsa-da, buyuk murabbiy sifatida katta e'tibor qozongan. Braziliyaning «Fluminense», «Botafogo», «San-Paulu» kabi klublarida işlagan Zeze futbol olamiga, hususan Braziliya futboliga maşhur 4-2-4 sxemasini olib kirgan, aynan şu tizim önlab yillar mobaynida «brazilça usul» deb nomlandi va jahon futbolidagi taktik taraqqiyotni öz ortidan ergaştirdi.

Jamoa juda kuçli tarkib hosil qilgandi, tört hujumçi – Sanfilippo, Urusmendi, Ramos va Akostalar jahon miqyosidagi yulduzlar sanalişar va maydonni golsiz tark etişmasdi. 

Öşa paytlarda «Paxtakor» oliy ligaga qaytiş uçun qattiq kuraş olib borayotgan, Krasnitskiy, Lyubuşin, Stadnik, Malinovskiy, Melkumov, Tadjirov va Abduraimovlar jamoaning özagiga aylangandilar. Darvozani esa Pşeniçnikov qöriqlardi. 

Muxlislar kutganidek öyin juda jonli boşlandi, 15-daqiqadayoq Sanfilippo darvozaga orqa turgan holatda kutilmagan zarbani ijro etdi va mehmonlar hisobda oldinga çiqib oldi. Köp ötmay Vladimir Tadjirov hisobni tenglaştiradi. Krasnitskiy bilan birgalikda darvoza tomon kirib borgan futbolçi hamma şerigiga oşirib berişini kutayotgan pallada zarbani amalga oşiradi — 1:1.

Ikkinçi bölimni «Paxtakor» ança aktiv boşlaydi, mehmonlar darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlar yaratila boşlanadi. Öyinning 60-daqiqasida esa Melkumov – Tadjirov – Malinovskiy – Lyubuşin kombinatsiyasi samarali yakunlanadi va «Nasional» turne davomida birinçi bor qiyin vaziyatda qoladi. Urugvay çempionining bor kuçi bilan hujumga taşlanişi yordam bermaydi, himoyada bexato harakat qilgan paxtakorçilar ğalabani saqlab qolişdi.

— Bugungi raqiblarim oldida boş egaman, - degandi Zeze Moreyra uçraşuvdan söng, — Yevropaning kuçli klublari yigitlarim qarşisida ilojsiz qolişgandi. Aynan Toşkentda mağlub bölişimizni umuman xayolimga keltirmagandim. Özbek futbolçilarining ahil va jamoaviy öyini butun uçraşuv davomida ajoyib taassurot qoldirdi. Eng yaxşisi esa darvozabon va 10-raqamli futbolçi (Tadjirov) edi.

Öşa uçraşuv muxlislarga olam-olam quvonç ulaşiş bilan birgalikda, «Paxtakor»ning har qanday raqib oldida osonlikça taslim bölmasligini, özbek futbolining nufuzini butun dunyoga namoyiş qilgan öyin sifatida tarixga qayd etildi. Bu tarixiy ğalaba «Paxtakor» futbolçilarida öziga bölgan işonç tuyğusini olib kirdi va jamoa mavsumni ajoyib tarzda ötkazib oliy ligaga qaytdi.

SUPeRKUBOK SOHIBINING QULAŞI

1975 yil «Dinamo» (Kiyev) ga bağişlangandi. Kiyevliklar mamlakat çempionatida ğalaba qozoniş bilan birgalikda Yevropa Kubok egalari kubogini va Superkubokni qölga kiritişga muvaffaq bölişgandi. Jamoa yetakçisi Oleg Bloxin esa ketma-ket uçinçi bor mamlakatning eng yaxşi futbolçisi nomini qölga kiritgan va Yevropaning eng yaxşi öyinçisiga atalgan «Oltin töp»ga ham ega çiqqandi. Öşa paytlarda aniqlanadigan mamlakatning eng yaxşi 33 futbolçisi ruyxatida esa biratöla 12 (!) nafar dinamoçining ismi qayd etilgandi.

Bir yil oldin ança işonçli öyin körsatgan (8-örin) «Paxtakor» uçun esa öşa mavsum ança muvaffaqiyatsiz keçgandi. Ayniqsa sönggi natijalarga havas qilib bölmasdi, jamoa sönggi 6 uçraşuvning 5tasida mağlubiyatga uçragan, xullas, ligani tark etiş xavfi «Paxtakor»ni ta'qib qilayotgandi. Jamoa özining oxirgi ğalabasiga roppa-rosa uç oy oldin, Toşkentda «Ararat» ustidan erişgandi, oldingi turda esa Toşkentda gruziyalik dinamoçilarga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi.

«Dev» va «Pakana» 17 oktabr kuni, navbatdagi turda Toşkentda uçraşdilar. «Paxtakor» (Filatov, Korçenov, Ivanov, Mogilniy, Belov, Serostanov, Jukov, An, Isakov, Fyodorov, Xadzipanagis) öz nomini saqlab qoliş uçun jon jahdi bilan oldinga taşlandi. Hujumdagi uçlik raqib himoyasini bosim ostiga ola boşlaşdi. Nihoyat mehmonlar öyinçisi Fomenkoning xatosi hisobning oçilişiga olib keldi. Böldimi? Mehmonlarning öyini ança işonçli va baribir barçasi öz örniga tuşadigandek tasavvur uyğotardi. Kiyevliklardan yana birortasining xatoga yöl qöyişini kutişdan boşqa iloj qolmagandi, göyo.

Ammo ikkinçi taymda mezbonlar bosimni yanada oşirişdi. Tölagan Isoqov ketma-ket ikkita töp kiritadi va har ikki vaziyatda ham assistentlik vazifasini Xadzipanagis bajaradi. Öyin tugaşiga 10 daqiqa qolganda mehmonlar darvozaga çamasi 20 metrlar masofada öyin qoidasini buzişadi. Jamoa sardori Mixail An töpga yaqinlaşadi va şunday aylanma zarba beradi-ki, darvozabon Simoxin töpni qaytara olmaydi. 88-daqiqada esa An bu safar penaltidan hisobni şarmandali körinişga olib keladi — 5:0!

Agar birinçi davrada Kiyevda bölib ötgan uçraşuvda «Paxtakor»ning 1:0 hisobida ğalaba qozonganligini e'tiborga olsak, bölajak çempion mavsum davomida umumiy 0:6 natija bilan toşkentliklarga boy berganining guvohiga aylanamiz. Qiziği, kiyevliklar butun mavsum davomida atigi 4 marotaba mağlubiyat alamini totib körişgandi.

Öşa ğalaba ham «Paxtakor»ning oliy ligada jon saqlab qolişi uçun kifoya qilmagandi. Dnepropetrovskda durang öynab qaytgan toşkentliklar sönggi ikki uçraşuvni Toşkentda, Moskva spartakçilari va dinamoçilariga qarşi ötkazişdi. Dastlabki öyinda hisob oçilmagan bölsa, «Dinamo» 2:0 hisobida ğalaba qozondi va «Paxtakor» yana ikki yil oliy liga öyinlaridan çetda qolişga majbur böldi.

Yirik mağlubiyatdan 10 kungina oldin «Dinamo» ajoyib tarzda Yevropa çempionlar kubogi sohibi «Bavariya» ustidan ğalaba qozongan va 100 ming muxlis köz öngida Yevropa Superkubogini qabul qilib olgandi. 

«Superkubok uçun kuraşni «Paxtakor» bilan emas, «Bavariya» bilan olib borganliklari kiyevliklar uçun katta baxt» – deb hazillaşgandi öşa Toşkentdagi öyin-topişmoqning guvohiga aylangan maşhur mutaxassislardan biri.

TOŞKeNTÇA XARAKTeR

1966 yilning 26 aprelida dunyoning barça telegraf agentliklarida mudhiş xabar tarqaldi – «Toşkent şahrida, mahalliy vaqt bilan soat 5:23 da 7.5 balli zilzila sodir böldi. Yaşaş uylari, davlat va jamoatçilik binolari yer qimirlaşi natijasida vayron böldi. Şahardagi gaz va suv ta'minotiga putur yetdi, yuzlab insonlar boşpanasiz qoldi».

Xuddi şu kuni, markaziy «Paxtakor» stadionida mamlakat çempionatining navbatdagi uçraşuvi mezbonlar va Minskning «Dinamo» jamoalari örtasida bölib ötişi kerak edi.

Taniqli mutaxassis Mixail Yakuşin murabbiyligi ostida «Paxtakor» qatorasiga ikkinçi mavsumni kötarinki ruhda boşlagandi. Jamoa dastlabki turlarda «Torpedo», TsSKA va «Zenit» kabi kuçli jamoalar bilan durang natija qayd etdi. Muxlislar aynan belaruslik dinamoçilarga qarşi navbatdagi uçraşuvda «Paxtakor» mavsumdagi ilk ğalabasini nişonlaşiga işonişardi va öşa öyinni intiqlik bilan kutişayotgandi. Xöş, endi nima böladi? Öyin ötkaziladimi, axir barçaning köz öngidan falokat arib ulgurgani yöq, şaharning har bir burçagi vayrona uylar, singan oynalardan iborat, göyoki butun dunyoda xayot töxtab qolgandek. Zilzila markaziga yaqinda joylaşgan stadion atrofiga ham qarab bölmaydi.
 
Qiziq xalq bölar ekan bu muxlis deganlari. Yer deyarli har soatda kiçik silkinişlar bilan özining borligi haqida eslatib turgan, butun şahar böylab turli taşkiliy ştablar yölga qöyilayotgan, köpçilikning miyasida «bugun qayerda tunayman» degan xavotir çarx urayotgan bölsa-da, öyingohga sevimli jamoasini qöllab quvvatlaş uçun 50 000 işqiboz (ellik ming, nolga adaşmadim) taşrif buyurdi.

«Paxtakor» öyinni qöyidagi tarkibda ötkazdi: Pşeniçnikov, Zokirov, Şaripov, Naumenko, Suyunov, Muxin (Ştern), Tadjirov, Kazakov, Raxmatullayev, Krasnitskiy, Abduraimov

Öyin ança qiziqarli ötdi, «Paxtakor» yarim himoyasi maydon markazini öz qöliga oldi va öyinda ustunlik qila boşladi. Öyinning 22-daqiqasida Abduraimov burçakdan töpni ajoyib tarzda yetkazib berdi va biratöla uç paxtakorçi töp uçun kuraş olib bordi. Hammadan baland sakragan Tadjirov aniq harakat qildi va hisobni oçdi – 1:0.

Havoga turli boş kiyimlar uça boşladi, butun stadion golni nişonlay boşladi. Hammasi unutilgandi. Hammasi. Yer bilan bitta bölgan binolar, eski şahardagi qulagan devorlar, Oloy bozori yaqinida şoşilinç ravişda örnatilgan palatkalar... Barçasi unutilgan va muxlislar suyukli futbolçilarining muvaffaqiyatlarini olqişlaşardi.

Öyin davom etdi... ba'zida oyoq osti sezilar-sezilmas qimirlab qöyar, heç kim taqdir yana nimalar tayyorlab qöyganini bilmasdi. Muxlislar quvnoq sur'atda futbolni tahlil qilişar, öyin haqida bahslaşişardi. Hammaning qalbiga özgaça iliqlik kirgandi va «hammasi yaxşi böladi» degan işonçni barçaga singita olgandi bu futbol. 

Öşa mavsumni «Paxtakor» yaxşi ötkazdi. Jamoa dastlabki 18 uçraşuvni mağlubiyatsiz ötkazib, birinçi davrani faxrli 3-poğonada yakunlagandi. Mavsumning sönggi uçraşuvi kuzning oxirlarida, neytral maydonda, Tbilisida Moskvaning «Torpedo»siga qarşi keçdi va öşa öyindagi durang «Paxtakor»ga 9-örinni olib berdi.

Qahramon Aslanov
Vladimir Safarovning «40 yilga çözilgan öyin» kitobi asosida