Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqlari, gapirayotgan gaplari ko‘pchilik vatandoshlarim kabi menda ham ertangi kunga umid uyg‘otib faol harakat qilishga chorlayapti. Shuning uchun yana qo‘limga «qalam» olib, o‘zim bilgan sohada navbatdagi taklifni yozishga o‘tirdim. Bu taklifning tug‘ilishiga 4ta voqea (hodisa, ahvol, holat...) sabab bo‘ldi.
Birinchisi — ish faoliyatimda talabalar, hamkasblarim, ko‘chada qo‘shnilarim bilan suhbatlar, oliy o‘quv yurtlarining talabalariga o‘qilayotgan ba'zi gumanitar fanlarning dasturlari, darsliklari va boshqa o‘quv adabiyotlari bilan tanishuvim, O‘zbekiston matbuoti va televideniyesining siyosiy mavzulardagi materiallarini o‘qib va eshitib qilayotgan xulosalarim va taassurotlarim.
Ikkinchisi — Prezidentning 7 mart kuni respublika xotin-qizlarining vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda boshqa davlatlarda ishlab, o‘qib yurgan savodli, malakali vatandoshlarimizni mamlakatga chaqirish ko‘lamini kengaytirish haqida aytgan gapi.
Uchinchisi — «Amerika ovozi» radio va telekanaliniing yetakchi jurnalisti, siyosiy sharhlovchi Navbahor Imomovaning jurnalist Jasur Hamroyev bilan suhbatdagi «Sizni mamlakatga chaqirsa, borasizmi?» degan savoliga bergan javobi.
To‘rtinchisi — 3 yil oldin Amerikaga va bu yil Germaniyaga safar qilib, u yerlarda ta'lim olib ishlayotgan va nisbatan uzoq muddatlardan beri yashayotgan vatandoshlarim bilan qilgan suhbatlarim.
Ertaga oliy ma'lumot oladigan bugungi talabalarning siyosiy (iqtisodiy, ma'naviy, diniy...) savodxonlik darajasi qanday? Buni birinchi yaqinlashishda aniqlashning qiyinchiligi yo‘q.
Xalqimizda «qush inida ko‘rganini qiladi», degan purhikmat maqol bor. Shunga amal qilsak, bu daraja birinchi navbatda, bu sohalarga tegishli fanlarni o‘qiyotgan professor-o‘qituvchilarning bilimi va malakasiga, o‘qish uchun tavsiya qilingan materiallarning mazmuniga (sifatiga) bog‘liq.
Sovet davrida bunday bilimlarning asosini Marks, Engels, Lenin asarlari, KPSS s'yezdlari va Plenumlarining materiallari, Bosh Sekretar va Siyosiy Byuro a'zolarining nutqlari va kitoblari tashkil qilardi. Mustaqillik davrida esa, bu adabiyotlar Islom Karimovning asarlari, nutqlari va ular asosida yozilgan o‘quv adabiyotari bilan almashtirildi.
Oxirgi 1,5 yidan beri bu siyosatdan keskin ijobiy burilish bo‘lishiga qaramasdan, gumanitar fanlarning dasturlari, kitoblarida va ma'ruzalarida tanqid qilinayotgan g‘oyalar, siyosat, afsuski davom etayapti. Eng yomoni, biz ularni kelgusida yetuk mutaxassis, rahbar, jamiyatga, xalqqa ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan talabalarning ongiga singdirayapmiz, o‘qishga majbur qilayapmiz, imtihon olayapmiz. Siyosatni o‘rgatadigan asosiy fan («siyosatshunoslik») esa o‘quv rejasidan chiqarib tashlangan. Islohotlar boshlanganiga 1,5 yil bo‘lishiga qaramasdan, ushbu fan «o‘quv reja»ga qaytarilgani yo‘q.













