02:18 / 05.05.2018
3565

Air France bosh direktori xodimlar bilan kelishmovchilik sababli iste'foga ketishga qaror qildi

Foto: De Telegraaf

Air France aviakompaniyasining bosh direktori Jan-Mark Janeyak xodimlar bilan maosh bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchilik sababli iste'foga ketadi. Bu haqda AFP axborot agentligi xabar berdi.

Aviakompaniya xodimlari bir necha oydan beri maoshlari oshirilishini talab qilishmoqda. Ular ish tashlashlar uyushtirishmoqda va buning oqibatida reyslar bekor qilinmoqda. Kasaba uyushmalari rahbariyatdan maoshlarning 6 foizga oshirilishini talab qilgan, biroq kompaniya faqatgina 1 foizga rozi bo‘lgan.

Aprelda kompaniya rahbariyati maoshlarni 4 yil ichida 7 foizga oshirish bo‘yicha yangi rejani taklif qildi. Bu reja xodimlar o‘rtasida ovoz berishga qo‘yilgan, biroq qabul qilinmagan. Xodimlardan 55,4 foizi bu rejaga qarshi chiqqan. 

“Men bu ovoz berishning barcha jiddiy oqibatlarini tan olaman va yaqin orada iste'foga ketish haqida ariza beraman. Bu ovoz berish kompaniyada nomaqbul vaziyat mavjudligidan darak beradi”, deb aytgan Janeyak. 

Janeyak uning iste'fosi “o‘zgarishlar va vaziyatning yaxshilanishiga turtki bo‘lishiga” umid qilishini aytgan. U bu lavozimni 2016 yil iyulidan beri egallab kelayotgandi.

Mavzuga oid
Top