Jamiyat | 13:35 / 07.05.2018
16553
11 daqiqa o‘qiladi

Qanday jamiyat fuqarolari farovon yashashga haqli?

Zamon shiddat bilan o‘zgarib borayapti. Bu shiddatni Yer yuzining har qaysi burchagida yashayotgan inson his qilayotganini Internet tarmoqlari isbotlab turibdi. Mana shu shiddatga hamohang bo‘lib yashash — alohida mavzu.

Bugungi zamonamizning o‘zgarish shiddati shu darajadaki, ko‘z ochib yumguncha oraliqdagi dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar insoniyatni, yer yuzini muammolar-u imkoniyatlarga to‘ldirib tashlayapti. Olamshumul o‘zgarishlar insoniyat hayotini, uning qarashlarini lahzalar sayin o‘zgarib turishiga sabab bo‘layapti.

Diyorimiz sizning va mening ajdod-u avlodlarimizga beshik bo‘lgan va bo‘ladigan mo‘'tabar zamindir. Bu aziz yurt dunyo tamaddunining barcha bosqichlari kesishgan chorraha hisoblanadi. Shunday ekan bu diyor rivojlanishga, undagi fuqarolar esa baxtli va farovon hayot kechirishga haqlidirlar.

Foto: Pixabay

Farovonlik — osmondan tushadigan yoki tug‘ilganimizda har birimizning qo‘limizga yo‘llanma sifatida beriladigan mukofot emas. Yaxshi hayot va farovon turmushni bizlarni o‘zimiz, jamiyat fuqarolari — jamiyatimizdagi muammo va kamchiliklarni hal qilib borish davomida yaratamiz. Shuning uchun ham ushbu maqolada o‘zbekistonliklar uchun dolzarb bulgan muammolar ko‘lami tilga olindi va yechim axtarishga harakat qilindi.

Maqolamni shu kundagi muammolar yechimi yo‘lida yozilayotgan maqolalar dengizidan bir tomchi o‘laroq qabul qilgaysiz.

Muammolar esa qalashib yotibdi: ta'lim-tarbiyada, maorifda, sog‘liqni saqlashda, huquq muassasalarida, mehnat bilan bandlikda, mafkurada va boshqa-boshqa — jamiyatni rivojlantiradigan yoki botqoqqa botiradigan yacheykalarda.

Ammo bu haqda faqat bir odam gapiradi, u qayg‘uradi, u kuyunadi! Qolganlar esa, aynan mana shu muammolar ustida o‘tirganlar — qarsak chaladilar, bloknotiga bir nimalarni yozadilar, ma'qullaydilar, ammo bir og‘iz muammolarni aytmaydilar («odob saqlaydilar», lekin bu «odob saqlash» faqat ularning o‘zlarining foydasiga ishlashini birinchi sinf o‘quvchisining ham aqli yetadi), qaytaga uni yashirishga harakat qiladilar. Faqat davlat rahbari aytganidan so‘nggina plastinka o‘zgaradi, niqob almashadi, bosh egiladi, kechirim so‘raladi va h.k. va sh.k...

Nima uchun va qachongacha shunday holat davom etadi?

Mana shunday ko‘plab achinarli holatlarda miyamda tug‘iladigan savollar ustida bosh qotirib, quyidagi uzil-kesil bir to‘xtamga keldim va bu fikr mulohazalarimni siz azizlarimga ulashgim keldi.

Bunday savollarga bitta javob: bizlar 25 yil davomida faqat qornimizni o‘ylab yashadik. Iqtisod, iqtisod va yana iqtisod, deb ma'naviyatni va mafkurani ayanchli ahvolga tushirib qo‘ydik. Farzandimiz qayerga borib bo‘lsa ham, qay yo‘l bilan bo‘lsa ham pul topib kelsa bo‘ldi. Muhimi — u o‘z aravasini o‘zi tortsa, bizga tashvishi tushmasa bas. O‘zimiz esa ishlayotgan ish joyimizda qanday qilib bo‘lsa ham nafaqaga yetib olsak bo‘ldi. Ishlayotgan korxonamizdagi adolatsizliklar bizlar uchun tanganing boshqa tomoni bo‘lib kelgan.

Foto: Getty Images

Demak, yuqoridagi kabi muammolarga 99 foiz fuqarolarimizning munosabati:

1. Sen menga tegma, men senga tegmayman.

2. O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y.

3. Shukur qilsang-chi, har qalay ochingdan o‘lmayapsan-ku?!

4. «Katta»larning ishiga aralashma!

5. Musulmonchilik asta-sekin (25 yil kamlik qiladi)

6. «Toshbaqa uchadi, agar rahbar aytgan bo‘lsa»

Toki xalqimiz mana shu «mafkura»ga sobit ekan hech qanday muammo hal bo‘lmaydi.

Bir odamning tergashi va tanqidi ortidan hukumat vertikalidagi reaksiyani go‘yoki dengizdagi kemani bir kuchli dovul u yoqdan bu yoqqa silkitib yuborishi mumkin bo‘lgan holatga taqqoslash mumkin. Lekin dovul tingach, yana har kim o‘z ishida (qilmishida) davom etaveradi.

Endi shularni ro‘kach qilganlarga quyidagicha javob aytilsa va odamlarimizning o‘zi qachonki mana shu to‘g‘ri relsga o‘tishsa jamiyat birlashadi va rivojlanadi menimcha.

Bandma band javob:

1. Sening xatong (poraxo‘rliging, o‘g‘riliging, muttahamliging va boshqa illatlaring) men yashayotgan jamiyatning rivojiga to‘siq bo‘ladi va tanazzulga uchratadi.

2. Bu millat muammosi, butun xalqning dardi! Vatanimni va farzandimni kelajakdagi o‘rni va hayoti mana shu muammolarning yechimiga uzviy bog‘liq.

3. Men qornim uchun emas, qadrim uchun yashashni istayman!

4. «Agar haqiqatni yosh bola so‘zlasa ham, o‘sha bolaning so‘zlarini qabul qilinglar» (Payg‘ambarimiz s.a.v. hadislaridan).

5. Kelajak — bugungi harakatninghosilasi.

Biror bir dolzarb muammo ko‘tarib chiqilsa-yu, unga aniq yechim izlash o‘rniga atrofdagilarni qo‘llariga mana shunday «xo‘rozqand» (musulmonchilik asta-sekin qabilida) tutqazilsa, bora-bora o‘sha muammo unutiladi va undan battari keladi. Jamiyat esa botqoqqa botadi!

6. Bizning fojiamiz:

Xalqqa xizmat kilishi kerak bo‘lgan rahbarlarimizning (eng yuqoridagilardan boshlab, oddiy korxona boshlig‘igacha) xalqning taqdirini hal qiladigan Xudo darajasiga chiqarib qo‘yamiz. Alqissa, qarabsizki, keyin u kishilarni o‘sha joydan na o‘zlari tushgilari keladi, na bizlarni ayyuhannos solganimiz naf beradi. Sababi — vaqt boy berilgan bo‘ladi. Atrofda faqat «buyuk»chi maddohlar va o‘zgaruvchan ikkiyuzlamachilar qoladilar. Haq so‘zni aytganlar qochgani — qochib qutuladi, ulgurmagani yoki qochishni istamagani — esdalik xotiralari yozish uchun material to‘plashga ketadilar... Indamay yashayotganlarning sirtida (yuzaki) go‘yoki hammasi zo‘r, ichlarida esa davlat siyosatiga nisbatan nafrat ortib boraveradi!

Keling, mana shu yo‘ldan voz kechaylik, azizlar! Chunki bu yo‘lni noto‘g‘ri ekanligini, sukut saqlash jinoyat ekanligini ko‘rdik. Buning jabrini aksar yoshlarimizni bugungi kundagi sarson va sargardon bo‘lib ishsizlik va umidsizlikka to‘la hayotlarida his qilayotganlarini, bizlar uchun eng aziz va mukarram bo‘lgan, ammo xorijda ishlayotgan munis va farishta ayollarimizning g‘amgin va iltijoli nigohlarida ko‘rmaslik, so‘zlarini eshitmaslik uchun inson ko‘r va kar bo‘lishi lozim. Shunday ekan, oqni qora, qorani esa oq deyishning,jinoyatni yashirishning, ikkiyuzlamachilik va maddohlikning kim uchun foydasi bor?! Soxta vatanparvarlar uchunmi? Ular kabi bizlar ham mana shu yurtni teng huquqli a'zosimiz-ku?

Foto: Fotolia

Aslida, bunday bir odamga sig‘inish g‘oyasi nisbatan yosh bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tabiiy holdek ko‘rinadi. Ya'ni, bu davlatlarda ijtimoiy ongni davlat rahbari va lideri belgilab beradi. Buni bizga qo‘shni bo‘lgan davlatlar misolida ham kuzatish mumkin. Ertaga agar o‘sha davlatdagi rahbar amalidan ketsa — u amaldaligi vaqtida aytgan so‘zlari, qilgan ishlariga salbiy bo‘yoq chaplanadi. Hattoki jamiyatda ro‘y bergan muammolar sababchisi qilib ko‘rsatiladi va boshqa qandaydir jinoyatlar ham, garchi u qilmagan bo‘lsa-da,uning gardaniga yuklanadi. Chunki o‘sha davrda bir odam gapirgan, bir odamning aytgani-aytgan, degani-degan bo‘lgan. Qarabsizki, muammolar yana o‘sha muammoligicha, yopig‘lik qozon yopiqligicha qolaveradi.

Bir odamning fikri bilan yashaydigan jamiyatda hech qachon hur fikrlilik bo‘lmaydi. Bundaylar ta'qib qilinadi. Hur fikrlilik bo‘lmagan jamiyat esa rivojlanmaydi. Rivojlanmagan davlatlar esa katta qarzlar girdobida o‘ralashib inqirozga uchraydi, ijtimoiy va siyosiy hayot barbod bo‘ladi.

Rivojlangan Yevropa davlatlarida davlat va hukumat rahbarlarining boshqaruvdagi almashinuvi natijasida aytarlik o‘zgarishlarni ko‘rmaysiz. Sababi — jamiyat boshqaruvi parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi partiyalar qo‘lida bo‘ladi. Har qanday yangi tayinlangan prezident mana shu ko‘ppartiyaviylik tizimi bilan murosa qilishga majbur. U davlatni parlament qonunlarini ijrosini nazorat qilish bilangina boshqaradi.

Jamiyatni parlament va jamiyat institutlari yordamida, bor muammolarni va kamchiliklarni minbarlardan, matbuot va televideniyedan ro‘yi-rost, ochiq-oydin aytib, ularning yechimini izlash va ildiziga bolta urish natijasidagina jamiyat rivojlanadi, fuqarolarni moddiy va ma'naviy farovonligiga erishiladi.

Inson bu mo‘'jizaviy dunyoga bir marotaba sayohat qiladi, keyin nima bo‘lishi esa faqat Yaratganga ayon. Ammo, siz bilan biz mana shu tevarak-atrofimizdagi voqea hodisalarga o‘z munosabatimizni odamiylik nuqtai nazaridan bildirmay yashasak, bu insoniylikka xiyonat bo‘ladi. Sababi — bizlarga yer yuzidagi jonzotlarga ato etilgan ko‘z va quloqdan tashqari, ko‘rganlarimiz va eshitganlarimizni mushohadasi uchun Yaratgan tomonidan ONG berilgan. To‘g‘ri fikr va to‘g‘ri xulosa bilan yashagan jamiyat fuqarolarigina farovon yashashga haqlidirlar.

O‘zbekistonni kelajakda emas yaqin kunlarda, yaqin oylarda, yaqin yilda buyuk qilishga o‘z hissangizni qo‘shing!

Rost so‘zlashni, pora bermaslikni, pora olmaslikni, korrupsiya (pul yuvish)ni ko‘rganingizda kerakli joyga aytish lozimligini bugundan boshlang! Befarq yashamang, azizlar! Zero, bu millat va Vatan taqdiri!

Abdumalik Fozilov.

Mavzuga oid