10:00 / 13.05.2018
20208

76 yoshli erkak Apple Watch tufayli o‘limdan qutulib qoldi 

Yaponiyalik 76 yoshli Gaston D'Akino uning Apple Watch soati yurak urishi yuqoriligidan xabardor qilgandan keyin shifoxonaga murojaat qildi. Erkak bu vaqtda cherkovda bo‘lgan. U avval bu bilan bog‘liq muammolar haqida eshitgani sabab darhol shifoxonaga murojaat qilishga qaror qilgan. Shifokorlar unda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan yurak xurujini bartaraf eta olishgan. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi

EKG erkakda yuragi bilan jiddiy muammo borligini ko‘rsatgan. Shundan keyin shifokorlar qo‘shimcha tahlillar o‘tkazib, erkakning 3 ta yurak tomiridan 2 tasi to‘liq, 3-tomiri esa deyarli 90 foizga to‘silib qolganini aniqlashgan. Bu esa o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan.

Foto: South China Morning Post /Nora Tam

Erkakning aytishicha, u bungacha kardiologga murojaat qilgan. Kardiolog unga qand kasalligi, yuqori darajadagi xolesterin va qon bosimidan dorilar yozib bergan, biroq uning yuragida jiddiy muammolar borligiga hech narsa ishora qilmagan. Erkak shifoxonada ko‘rikdan o‘tkazilgandan keyin angioplastika – yurakka qon oqimini to‘silib qolgan tomirlarga kichik stentlar joylashtirish orqali tiklash amaliyotiga rozi bo‘lgan. 

Ertasi kuni qariya uyiga qo‘yib yuborilgan. Uning aytishicha, u o‘zini ancha yaxshi his qilgan.

“Yangi hayotga imkon olish ajoyibdir. Sen ertalab uyg‘onib, atrofga qaraysan va hammayoq yanada go‘zalroq ko‘rinadi. Bir necha kun ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lish ajoyib hisdir”, deb aytgan qariya.

Foto: South China Morning Post /Nora Tam

Erkak Apple rahbari Tim Kukka elektron pochta orqali maktub yo‘llagan. U maktubida soat o‘sha kuni u hali hech narsani his qilmasidan unda yurak tez urishi haqida ilk bor ogohlantirganini ma'lum qilgan. 

Erkak Kukni Apple Watch’ni yuragi bilan muammolarga ega odamlar uchun mo‘ljallangan qurilma sifatida reklama qilishda davom etishga chorlagan. Kuk javob xatida qariyaning hozirgi holati yaxshiligini eshitishdan xursandligini va bunday voqealar “Apple’ni yanada shijoat bilan ishlashga ilhomlantirishini” aytgan.

Yurak tez urishidan ogohlantiruvchi funksiya watchOS 4’da paydo bo‘lgan. Bu funksiya yoqiq bo‘lganda, soat egasining tinch holatda yurak urishi ma'lum ko‘rsatkichdan oshib ketsa, bu haqda uni ogohlantiradi. Ushbu funksiya Series 1 va undan yangiroq barcha Apple Watch’larda ishlaydi.

Top