O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-17 may kunlari AQShga amalga oshirgan rasmiy tashrifi arafasida Rossiyaning bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan mamlakatimizga nisbatan uydirma xabarlar tarqatildi. Ammo... ota-bobolarimizdan qolgan bir gap bor: yon qo‘shning – jon qo‘shning. Keling, obektiv va qisqa tarzda hamda imkon darajasida ikki davlat, Rossiya va AQShni solishtirib chiqsak. Xo‘sh, O‘zbekistonga kim bilan aloqa qilish ma'qul?

Iqtisodiyot 
Amerika Qo‘shma Shtatlari iqtisodiyoti oxirgi 100 yil ichida jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Hozirgi vaqtda 2-o‘rinda. To‘g‘ri, davlat qarzi muammosi ham bor, ammo diversifikatsiya, ya'ni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish turlarning xilma-xilligi juda rivojlangan. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha har qanday imkoniyat yaratilgan. Talab esa quyidagicha: qattiq mehnat va kreativ fikrlash qobiliyati. Jahon iqtisodiy tashkilotlar ma'lumotiga ko‘ra, 2016 yil davomida AQSh 3,5 trln dollarlik eksport va 4,88 trln dollarlik import qildi. Xuddi shu yili AQSh yalpi ichki mahsuloti 18,6 trln dollarni tashkil etdi, jon boshiga esa 57,5 ming dollarni. AQShning eng yaqin iqtisodiy hamkorlari Kanada, Meksika, Xitoy, Buyuk Britaniya va Germaniya hisoblanadi. 
Jahon moliyaviy reyting ro‘yxatida 15-o‘rinni egallagan Rossiyaga so‘nggi sanksiyalar nihoyatda salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Masalan, mana so‘nggi yangilikdan biri: jahonga mashhur Morgan Stanley banki Rossiya yalpi ichki mahsuloti o‘sishi joriy yilda 2,3 foizdan 1,8 foizga tushishini ma'lum qildi. 2016 yilda Rossiya Federatsiyasi yalpi ichki mahsuloti 1,28 trln dollarni, aholi jon boshiga esa 23,2 ming dollarni tashkil etdi. 2016 yilda Rossiya 719 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, import ko‘rsatkichi 458 mlrd dollarni tashkil etdi. Rossiya biznes sohasida asosan Xitoy, Germaniya, Belarus va Turkiya bilan hamkorlik qiladi.  

Yuqoridagi raqamlar shuni ko‘rsatib turibdiki, Rossiyaning yalpi ichki mahsuloti AQShnikidan sal kam 14 barobar kam. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari ham nisbatan past darajada. Shu o‘rinda Bureau of Economic Analysis and International Monetary Fund tashkiloti keltirgan ba'zi faktlarni yozib o‘tsak. Ma'lumotlarga ko‘ra, birgina Kaliforniya shtatining yalpi ichki mahsuloti Fransiyaniki bilan tengdir, ya'ni 2,4 trln dollar. Nyu-York shahri yalpi ichki mahsuloti esa Kanadanikiga teng bo‘lib, 1,4 trln dollarni tashkil etadi. 

Kengaytirilgan hamkorlik
Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qiladigan davlatlar ro‘yxati Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Belarus bilan chegaralanadi. Boz ustiga ushbu davlatlarning ham Rossiyaga «ko‘zi uchib turgani» yo‘q. Turkmanistonda oxirgi rus maktabi tugatilgani va Qozog‘istonda asta-sekinlik bilan lotin alifbosiga asoslangan yozuv joriy etilishi bunga yorqin misol bo‘ladi. Hozirda Ukraina MDHdan chiqib ketish niyatida.