O‘zbekiston | 15:47 / 27.05.2018
6901
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament: davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta'minlashning yangi uslubi joriy etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qo‘mitasi tomonidan «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash» mavzuida seminar tashkil etildi.

Seminar ishtirokchilari jamoatchilik kengashi faoliyati, kengash tomonidan amalga oshirilayotgan davlat organlarining «ochiqlik indeksi»ni baholash va monitoringini o‘tkazish natijalari bilan tanishdi. Ta'kidlanganidek, kengash tomonidan amalga oshirilayotgan davlat organlarining «ochiqlik indeksi»ni baholash va monitoringini o‘tkazish yaxshi samara bermoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati

Tadbir davomida davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta'minlashning yangi uslubini joriy etish bo‘yicha fikr yuritildi. Hozirgacha davlat organlari faoliyati ochiqlikni ta'minlash bo‘yicha yo‘lga qo‘ygan ishlari asosida baholangan bo‘lsa, endilikda bu ishlarning sifati va soni, uning samaradorligini baholash mexanizmi joriy etiladi. Bunda, eng avvalo, davlat organlari rahbariyatining keng auditoriya bilan muloqoti nazarda tutilmoqda. Bu uslub joriy yilning 1 iyulidan qo‘llaniladi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 5 maydagi «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuni fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlardan foydalanishini huquqiy kafolatlash bilan bir qatorda davlat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlashning shakl va uslublari, davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashishning aniq mexanizmlarini belgilab berdi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo‘yicha jamoatchilik kengashi shakllantirildi. Kengash ishlab chiqqan metodika hamda reglament asosida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining monitoringi olib borilmoqda. Monitoring natijalari har yili ikki marotaba (1 yanvar va 1 iyul holatiga) e'lon qilinadi.

Mavzuga oid