Braziliya milliy jamoasining eng yaxshi hujumchisi Neymar futboldagi xalqaro faoliyatini yakunlaganini tasdiqladi. “Santos”ning 34 yoshli hujumchisi milliy jamoa libosini boshqa kiymasligini aytdi.

Neymar milliy jamoadagi davri tugaganini ta’kidladi.

"Men milliy jamoada tarix yaratdim va juda baxtli edim. Boshimdan ko‘p narsa o‘tdi, borimni berdim va sariq libos uchun kurashdim, lekin buni boshqa xohlamayman", - dedi u.

Neymar Braziliya milliy jamoasida 2010 yilda, 18 yoshida debyut qilgan. U o‘tgan 16 yil davomida jamoaning eng muhim o‘yinchilaridan biri bo‘ldi.

Neymar "selesao" tarkibida 130 marta maydonga tushib afsonaviy Pelening to‘purarlik rekordini yangilagan. Uning hisobida 80ta gol bor.

Braziliyalik futbolchi "pentakampeon"lar safida 2016 yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasida oltin medalni va 2013 yilgi Konfederatsiyalar kubogida chempionlikni ham qo‘lga kiritgan.