Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha Davlat komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi to‘g‘risida nizomga ko‘ra, Davlat komissiyasi geologiya materiallarini davlat ekspertizasidan o‘tkazuvchi va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlovchi kollegial organ hisoblanadi.
Quyidagilar Davlat komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash hamda hisoblab chiqish, ularni geologiya-iqtisodiy jihatdan baholash va ularning sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni o‘tkazish;
geologik materiallarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish;
oqilona iqtisodiy va ekologik asosda konlar zaxiralarini eng to‘liq va kompleks qazib olish talablariga muvofiq bo‘lgan yer osti boyliklaridagi foydali qazilmalar zaxiralarini ishonchli hisoblab chiqish uchun konditsiyalarni tasdiqlash;
respublikaning mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishni ta'minlovchi foydali qazilmalarning barcha turlari zaxiralarini tasdiqlash.
Davlat komissiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash hamda hisoblab chiqish, ularni geologiya-iqtisodiy jihatdan baholash va ularning sanoatdagi ahamiyatini aniqlashning maqbul prinsiplarini belgilash sohasida yagona siyosatni o‘tkazish sohasida:
foydali qazilmalar zaxiralarini tasniflash va hisoblab chiqishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bosqichlar bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek,konlarning sanoatdagi ahamiyatini (kondintsiyalarning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishini, shu jumladan, neft va gaz kondensati qazib olishning cheklangan koeffitsiyentlarini, konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini) geologiya-iqtisodiy jihatdan baholash jarayonida metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
b) geologiya materiallarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish sohasida:
foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqqan holda geologiya materiallari ekspertizasini tashkil qiladi va foydali qazilmalarning hisoblab chiqilgan zaxiralarini tasdiqlaydi, ushbu zaxiralarning o‘rganilganlik va ishonchlilik darajasining foydali qazilmalar konlari zaxiralarining amaldagi tasniflariga muvofiqligini, ularning sanoatdagi ahamiyatini hamda konlarning (yoki ular qismlarining) sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishga tayyorligini belgilaydi. Foydali qazilmalar zaxiralari konni geologik o‘rganishning barcha bosqichlarida konditsiyalarning texnik-iqtisodiy asoslanishi va zaxiralarni hisoblab chiqish bo‘yicha taqdim etilgan materiallar zaxiralarning miqdori, sifati va sanoatdagi ahamiyati bo‘yicha xolisona baholash imkonini bergan taqdirda tasdiqlanishi mumkin;















