O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov mas'ul xodimlar bilan birga Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati KUN.UZ’ga xabar bermoqda.


Ikki kun davom etgan tashrif chog‘ida, ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining maslahatchisi general-polkovnik Zokirjon Almatov rahbarligidagi ishchi guruh Jizzax shahridagi 2-sonli ichki ishlar bo‘linmasi, Jizzax shahridagi militsiya tayanch punktlarida ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishib, viloyat IIB huzuridagi gospitalning ochilish marosimida qatnashdi.


Jizzax viloyati hokimligining majlislar zalida tashkil etilgan yig‘ilishga shahar va tumanlar ichki ishlar bo‘limlarining boshliqlari, sohaviy rahbarlar, profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, Yoshlar ittifoqi faollari hamda mutasaddi tashkilot rahbarlari taklif etildi.
Yig‘ilishni Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev boshqarib bordi.















