Bundan  sal kam 70 yil avval O‘zbekiston qumliklari o‘rnida yangidan yangi posyolkalar, qishloqlar, aholi uchun zarur uy-joy massivlari qurish, odamlarni ish bilan ta'minlash, yashash uchun sharoit yaratish maqsadida cho‘lu biyobonlar o‘zlashtirildi. Ming mashaqqatlar bilan suv keltirildi. Binolar qurildi, zamonaviy inshootlar, birinchi galda, ijtimoiy-madaniy, maishiy obektlar tez fursatda barpo etildi. Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida ham bu kabi keng ko‘lamli ishlar olib borilib nafaqat respublikamizdan balki qo‘shni qardosh davlatlardan ham birodarlarimiz yordamga kelishdi. Keyinchalik bu go‘zal go‘shalarda muqim yashab qolishdi. Ko‘p millatli Mirzacho‘l tumani ahli yillar davomida og‘a-ini, quda-anda, qarindosh-urug‘ bo‘lib istiqomat qilib kelishadi.

Biroq o‘tayotgan yillar o‘z ta'sirini hududga ko‘rsatmay qolmadi. Chunki qurilgan inshootlar, binolar 70 yil davomida eskirib nurab bordi. Achinarlisi, o‘sha davrda quruvchi va ishchilar uchun vaqtincha qurib berilgan barak uylar yangilanmay qoldi. Oddiy yog‘ochlardan bir-biriga qalashtirib qurilgan, poydevori ham bir necha yillargagina mo‘ljallangan uy odamlarga doimiy boshpana vazifasini o‘tadi. 80-yillar oxirida uylar asta-sekin nuray boshladi. Yuqoriga qilingan murojaat faqat “kutib turinglar”, degan javob bilan yakunlanaverdi.

 

Shukurki, tuman ahlining ko‘ksidagi og‘riq barham topdi. Yurtboshimizning 2018 yil mart oyida qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini barpo etish hamda shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risidagi farmoni va qarorining qabul qilinishi Mirzacho‘l tumanida uzoq yillardan beri to‘planib qolgan muammolarga yechim topdi. Qarorga ko‘ra, birinchi galda, Maxsus komissiya tuzildi. Ushbu tarkibga 30ga yaqin tashkilotdan kiritilgan mansabdor shaxslar, sektorlar rahbarlari, jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya a'zolari mavjud holatni to‘la va atroflicha o‘rgangan holda vaziyatni tubdan yaxshilash maqsadida mahalliy yo‘l xaritasi tuzildi va vazifalar belgilandi.